Toshkent metrosi bekatida 3 yoshli bolani poyezd yo’liga itarib yuborilgani rad etildi
“Toshkent metropoliteni” aslida nima hodisa sodir bo’lganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Paxtakor metro bekatida yosh bola itarib yuborildi” mazmunidagi xabarlarga nisbatan “Toshkent metropoliteni” DUK rasmiy bayonot bilan chiqdi.
2025-yil 26-iyun kuni soat 18:00 lar atrofida Paxtakor metro bekatida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi: Harakat tarkibidan chiqish vaqtida 3 yoshli qizaloq, unga hamrohlik qilayotgan shaxsning e’tiborsizligi oqibatida vagon eshigiga oyog‘ini qisib olgan. Zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va tez yordam xizmati chaqirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bolaga og‘ir tan jarohati yetmagan. Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “bola itarilgan” mazmunidagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligi, voqea asossiz talqin etilayotganini ta’kidlash lozim.







