Ohangaron shahar hokimligining mansabdor xodimi qo‘lga olindi
Xodim uch xonali uyni rasmiylashtirib berish uchun fuqarodan 18 500 dollar talab qilgan.

Toshkent viloyati, Ohangaron shahri hokimligida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi mansabdor shaxs fuqaroga uch xonali uyni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, ishonchiga kirgan. Bu haqda DXX xabar qilmoqda.
Ushbu uy hokimiyat balansiga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan bo‘lib, mansabdor bu jarayonni sud tizimidagi tanishlari orqali hal qilishini aytgan. U fuqaro bilan 15 000 dollar evaziga kelishgan, suddagi “tanishlari” uchun esa qo‘shimcha 3 500 dollar so‘ragan.
Jami 18 500 dollar talab qilgan shaxs, oldindan 9 500 AQSh dollarini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.







