Toshkent metrosida chiptaxonalarni yopish boshlandi
Bunga naqd puldagi to‘lovlarning kamaygani sabab bo‘lgan.

Toshkent metrosida kassalarni yopish boshlandi. Bu haqida metropoliten rasmiy kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtga kelib yo‘lovchilarning kam sonli qismigina naqd pul ko‘rishida yo‘l haqini to‘lashmoqda. Ilgari bir martalik QR-kodli chiptalardan metro yo‘lovchilarining 45-50 foizi foydalangan bo‘lsa, hozirgi vaqtga kelib qariyb 6-7 foizini tashkil qilmoqda.
Uzoq vaqt davom etgan kuzatuv va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, bir qancha metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar xarid qilinish ko‘rsatgichi keskin kamaygani aniqlandi. Shu boisdan naqd pul ko‘rinishida to‘lovni amalga oshiruvchi yo‘lovchilar soni kam bo‘lgan 13 ta metro bekatlarining (Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar do‘stligi, Paxtakor, Hamid Olimjon, Pushkin, Do‘stlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik, Shahriston, Bodomzor, Minor hamda Abdulla Qodiriy ) 1 tadan vestibyullaridagi kassalar yopildi va ushbu vestibyullarga chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, metro yo‘lovchilari kassa yopilgan vestibyullarda ham avtomatlashtirilgan to‘lov turlarining boshqa usullari orqali to‘lov qilish imkoniyatiga ega.







