Samarqandda inspeksiya bosh mutaxassisi pora bilan qo‘lga tushdi
Xodim 226 million so‘mlik jarimani 25 million so‘mgacha kamaytirish evaziga 3 000 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Samarqand viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi xizmat vakolatini suiisteʼmol qilganlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, bosh mutaxassis Paxtachi tumanidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan biriga qarashli g‘isht zavodida o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida aniqlangan ayrim kamchiliklarni ataylab bo‘rttirib ko‘rsatgan. U go‘yoki 226 million so‘mlik sifatsiz g‘isht mahsulotlari ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilinganini aytgan.
Shundan so‘ng, u rasmiy tekshiruv hujjatlarida 226 million so‘mlik jarimani 25 million so‘mgacha kamaytirish evaziga 3 000 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida u xizmat xonasida 2 500 AQSH dollarini pora sifatida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (manfaat evaziga noqonuniy harakatlar sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud tomonidan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.







