Yunusoboddagi sexda yirik yong‘in chiqdi
Yong‘in vaqtida hech kim jabrlanmagan.

Bugun, 14-iyul kuni ertalab soat 07:39 da Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish sexlaridan birida yong‘in chiqqani haqida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushdi.
Hodisa joyiga 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan va soat 08:14 da alanga qurshab olingan. Yong‘in soat 08:51 da butunlay o‘chirilgan.
Yong‘in vaqtida hech kim jabrlanmagan. Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, shahar va tuman FVB rahbar xodimlari yetib borib, vaziyatni nazoratga olgan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdori o‘rganilmoqda.
Maʼlumot uchun, kecha 13 iyul kuni, Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida, Mirobod tumanida esa ta'mirlanayotgan binoda yong'in sodir bo'lgan edi.







