20-iyuldan xorijdan tovar olib kirish tartibi o‘zgaradi
Havo va yer orqali olib kiriladigan tovarlarga yangi talablar belgilandi.

2025-yil 20-iyuldan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlaridan ozod qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Ma'lumki, 2025-yil 1-maydan quyidagi bojxona imtiyozlari amalda edi:
Havo transportida — 1000 AQSh dollarigacha;
Temir yo‘l va daryo transportida — 500 AQSh dollarigacha;
Avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — 300 AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlar boj olinmasdan olib kirilishi mumkin edi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2025-yil 20-iyuldan boshlab:
Temir yo‘l, daryo transporti va avtomobil o‘tish punktlari orqali olib kirilayotgan tovarlarga bojxona imtiyozlari faqat xorijda 2 kalendar kun yoki undan ko‘p bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi.
Havo transportida esa, fuqaro xorijda kamida 3 kalendar kun bo‘lgan bo‘lsa, boj olinmaydi. Aks holda, belgilangan imtiyozlar amal qilmaydi.
Mazkur o‘zgarishlar bojxona nazoratini kuchaytirish, noqonuniy olib kirilayotgan tovarlarning oldini olish va tartibni aniqlashtirish maqsadida joriy qilinmoqda.







