Toshkentda bir guruh fuqarolar uy olaman deb aldandi
200 ga yaqin odam naqd pulda to‘lov qilib, uy ololmagani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida bir guruh fuqarolar uy sotib olish maqsadida to‘lov qilib, aldangani haqida xabarlar tarqalmoqda. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Chilto‘g‘on mahallasi, “Usta Olim” 2-berk ko‘chasida joylashgan qurilish ishlari “STRONG SITIES” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan. Biroq ushbu obyekt bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda zarur ruxsatnoma va hujjatlar olinmagan.
Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda obyektda faqat yer uchun kadastr hujjatlari mavjudligi, qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun esa zarur hujjatlar yo‘qligi aniqlangan.
Natijada belgilangan tartibda ogohlantirish xati yuborilib, qurilish va montaj ishlari to‘xtatilgan. Shuningdek, obyekt seysmik xavfsizlik talablariga javob bermagani bois, quruvchi tashkilot tomonidan o‘z ixtiyori asosida obyektda demontaj ishlari amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, loyiha-smeta va boshqa tegishli texnik hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, to‘liq rasmiylashtirilgan holda qurilish ishlarini belgilangan tartibda davom ettirilishi quruvchi tashkilot vakillari tomonidan taʼkidlangan.
“Fuqarolardan uy-joy xarid qilishda obyektning barcha huquqiy hujjatlari va ruxsatnomalari mavjudligini sinchiklab tekshirish tavsiya etiladi”, deyiladi xabarda.







