O‘zbekiston Milliy gvardiyasi snayperlari xalqaro turnirda birinchi o‘rinni egalladi
Xalqaro musobaqada 25 davlatdan 45 ta jamoa ishtirok etgan.

Xitoyning Urumchi shahrida o‘tkazilgan “O‘tkir tig‘–2025” xalqaro snayperlar turnirida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi terma jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Musobaqada 25 davlatdan kelgan 45 ta jamoa ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik snayperlar Rossiya, Janubiy Koreya, Vyetnam, Belarus, Kuba, Liviya va boshqa davlatlarning jamoalarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallashdi. Harbiylar eng murakkab sharoitlarda o‘z mahoratini ko‘rsatib, yuqori aniqlik va tezkorlikda raqiblaridan ustun chiqdi.
Musobaqa davomida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi snayperlari jami 8 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba ularning professional tayyorgarligi va xalqaro maydondagi harbiy salohiyatini yana bir bor isbotladi.
Mazkur yutuq O‘zbekiston harbiylari uchun katta natija bo‘lib, mamlakatning xalqaro harbiy sport musobaqalaridagi nufuzini yanada oshiradi.







