DXX raisi Kobulda Tolibon rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

2025-yil 22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Kobul shahriga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Qurbonov Afg‘oniston Razvedka xizmati raisi Abdul Haq Vosiq, Mudofaa vaziri Mullo Muhammad Yoqub hamda Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘onistonni xalqaro hamjamiyatga to‘laqonli qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT, SHHT va boshqa xalqaro maydonlardagi chiqishlarida Afg‘oniston bo‘yicha bildirgan ochiq va konstruktiv pozitsiyasi alohida ta’kidlandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, energetika, transport, savdo va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik muhim mavzu sifatida ko‘tarildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, insonparvarlik yordamini davom ettirish tashabbuslari e’tirof etildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida xavfsizlikni mustahkamlash, kirish-chiqish tartibini soddalashtirish, giyohvandlik moddalari noqonuniy aylanishi va terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur muloqotlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.







