Butunjahon Universiada o‘yinlarida yengil atletikachi Sharifa Davronova oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston delegatsiyasi 15 ta medal bilan rekord natijani qayd etdi.

Germaniyaning Reyn-Rur hududida bo‘lib o‘tgan 2025-yilgi Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokini muvaffaqiyatli yakunladi. Musobaqaning so‘nggi kunida yengil atletikachi Sharifa Davronova o‘zining oltin medali bilan o'yinni munosib tarzda tugatdi.
U uch hatlab sakrash yo‘nalishida 14.33 metr natija qayd etdi. Bu Davronovaning shaxsiy rekordidir va ayni shu natija unga musobaqaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilish imkonini berdi.
Umumiy hisobda O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu esa mamlakat tarixida Universiada o‘yinlaridagi eng yaxshi natija sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu muvaffaqiyat yosh sportchilarimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini va tayyorgarlik darajasini yaqqol namoyon etdi.







