Saudiya Arabistonida “360 daraja” attraksioni qulab tushdi
Hodisa oqibatida 23 kishi tan jarohati olgan, 3 nafari og‘ir ahvolda.

Saudiya Arabistonining Toif shahridagi ko‘ngilochar bog‘da odamlar o‘tirgan attraksion ishlamay qolib, yerga qulab tushdi. Bu haqida Gazeta.ru nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hodisa natijasida 23 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Jabrlanganlar zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ularning uch nafariga og‘ir tan jarohati yetgan bo‘lib, hozirda ikki nafar jabrlanuvchi reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.
Voqea joyidan olingan kadrlarda attraksion yuqoriga ko‘tarilgach, to‘satdan muvozanatini yo‘qotib, pastga qulab tushgani aks etgan.
Hodisa sabablari hozircha rasman eʼlon qilinmagan. Mahalliy rasmiylar baxtsiz hodisa yuzasidan tergov ishlarini boshlagan.







