Vagon ostiga yashirilgan 195 gramm giyohvandlik vositasi fosh etildi
Surxondaryoda bojxona va chegara xodimlari hamkorligida giyohvandlik kontrabandasi to‘xtatildi.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida giyohvandlik vositasini noqonuniy olib o‘tish holati fosh etildi. Bojxona organlari xabariga ko‘ra, voqea temir yo‘l yuk poyezdini tekshirish jarayonida aniqlangan.
Bojxona va Chegara qo‘shinlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat davomida poyezd vagonlaridan birining ostiga yashirilgan, rangsiz polietilen o‘ramga o‘ralgan, o‘ziga xos o‘tkir hidli ashyo topildi. Tekshiruv natijasida, ushbu o‘ram ichida jami og‘irligi 195 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 246-moddasiga binoan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tgan shaxslarga 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.







