Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Shavkat Mirziyoyev tashabbusini yuqori baholadi
Shayxa Nosir Al Novays Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiyalar, jumladan Qur’oni Karim zali va noyob tarixiy eksponatlar bilan tanishib, markazni kelajak avlodlar uchun muhim madaniy maskan deb e’tirof etdi.

Dunyoning eng go‘zal muzeylaridan biri deya ta’riflangan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays boshchiligidagi delegatsiya ekspozitsiyalar va Qur’oni Karim zali bilan tanishib, Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan barpo etilgan ma’rifiy madaniy maskanning mazmun-mundarija va badiiy yechimlarini yuqori baholadilar.
Tashrif davomida muzeyning Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida Qo‘yqirilgan qal’a maketi delegatsiya a’zolarida chuqur taassurot uyg‘otdi. II–VI asrlarga mansub ushbu yodgorlik o‘z davrida nafaqat aholi manzilgohi, balki observatoriya vazifasini ham bajargani bilan ahamiyatlidir.
Dalvarzintepadan topilgan shaxmat donalari esa ekspozitsiyaning eng e’tiborga molik namunalaridan biri sifatida baholandi. Mazkur topilmalar dunyodagi eng qadimgi shaxmat namunalaridan biri bo‘lib, Hindistonda aniqlangan shunga o‘xshash topilmalardan qariyb to‘rt asr oldin yaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida mehmonlar e’tiborini Payg‘ambarimiz tomonidan o‘sha davr dunyo hukmdorlariga yo‘llangan maktublar tortdi. Ekspozitsiyada ushbu maktublarning besh nusxasi namoyish etilgan bo‘lib, ularda aks etgan diplomatik yondashuv va mazmuniy teranlik alohida qiziqish bilan qarshi olindi.
Markazning yuragi hisoblangan Qur’oni Karim zalida delegatsiya musulmon olamining bebaho durdonasi – VII asrda ko‘chirilgan Usmon mushafi bilan yaqindan tanishdi. Ushbu noyob Qur’on nusxasi 1989-yildan 2025-yilgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Mo‘yi muborak madrasasida bo‘lgan. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur noyob mushaf 2025-yil 13-noyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zaliga olib kelingan. Mehmonlar ushbu muqaddas yodgorlikni bilan birga zamonaviy mepping-shouni ham tomosha qilishdi.
Ushbu majmuaning har bir jihati davlat rahbarining tashabbusi va bevosita e’tibori asosida amalga oshirilgani alohida e’tirof etildi.
Shayxa Nosir Al Novays, Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi:
– Avvalo, O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurishdan juda mamnunman. Bu mening Bosh kotib sifatida lavozimni egallaganimdan beri ilk rasmiy tashrifim va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish imkoniyati uchun juda xursandman. Bilamanki, bu markaz yaqinda ochilgan va men sizlarni beshta turli sivilizatsiya haqida go‘zal hikoya taqdim etganingiz bilan tabriklayman.
Bu kelajak avlodni turli sivilizatsiyalar bilan tanishtirishda ajoyib usul va hikoyalarning zamonaviy texnologiyalar, shu jumladan immersiv san’at orqali taqdim etilgani juda ta’sirli. Men bu kabi yondashuvni avval ko‘rmaganman.
Yana bir bor tabriklayman, menimcha bu Markaz O‘zbekiston va Toshkent uchun katta ahamiyatga ega ramziy joy bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, bu Markaz turizmni ham rivojlantirishga, ayniqsa madaniyat va meros haqida ko‘proq bilmoqchi bo‘lgan sayyohlarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Avvalo, men uni Islom sivilizatsiyasi markazi madaniy muzeyini yaratishi bilan tabriklayman. Bu O‘zbekistondagi tarixiy, an’anaviy va madaniy diqqatga sazovor joylarga ajoyib qo‘shimcha bo‘ldi.
Turizmda rivojlanish uchun mustahkam asos zarur va bunga e’tibor qaratilgani hurmatga loyiqdir.
Ikkinchidan, 90 dan ortiq davlatlar uchun vizalarni osonlashtirish — milliy iqtisodiyotda turizmning ahamiyatini ko‘rsatuvchi yana bir muhim ko‘rsatkichdir.
Delegatsiya a’zolari Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirib, Markazning ilmiy, ma’naviy va madaniy ahamiyatini yuksak baholadilar.
Tashrif yakunida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov martabali mehmonga 1510-yilda Hirotda ko‘chirilgan Husayn Boyqaro devonining faksimil nusxasini markaz nomidan sovg‘a qildi. Kitobdan buyuk temuriy hukmdor Husayn Boyqaroning turkiy tildagi g‘azallari, shuningdek, Kamoliddin Behzod tomonidan ishlangan 4 ta nodir miniatyura o‘rin olgan.







