O'zbekiston

30 yillik avtomobillar uchun ekologik to‘lov bekor qilinmoqda

Foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish bo‘yicha qonun loyihasi jamoatchilik fikrlari asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

30 yillik avtomobillar uchun ekologik to‘lov bekor qilinmoqda

 

O‘zbekistonda foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamalari asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda. Eng muhim o‘zgarishlardan biri sifatida 30 yil va undan ortiq foydalanilgan avtomobillar uchun har yili ekologik kompensatsiya to‘lash majburiyatini nazarda tutuvchi norma loyihadan chiqarib tashlanmoqda.

 

Bu haqda 8-iyul kuni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot uchrashuvida ma’lum qilindi.

 

Qayd etilishicha, mamlakatda qariyb 5 million avtotransport vositasi mavjud bo‘lib, ulardan 100 mingga yaqini nosoz holatda. Mutaxassislar bunday transport vositalari shaharlardagi zararli chiqindilarning 63 foizini hosil qilishini ta’kidladi.

 

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, avvalgi loyihada ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillar egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi nazarda tutilgan edi. Jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlar inobatga olinib, mazkur norma hujjatdan butunlay chiqarib tashlanmoqda.

 

Yangi konsepsiyaga ko‘ra, ma’muriy majburlash o‘rniga iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

 

Taklif etilayotgan tartibga muvofiq, ochiq va shaffof tenderlar asosida avtomobillarni baholash hamda utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi mustaqil korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Eski avtomobillar bozor qiymati asosida baholanadi, harakatlana olmaydigan transport vositalari esa mutaxassislar tomonidan joyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkaziladi.

 

Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul yoki maxsus vaucher berilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu vaucherlardan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil xarid qilishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

 

Loyihaga ko‘ra, yangi avtomobil narxidan vaucher qiymati chegirib tashlanadi, qolgan mablag‘ esa 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin. Agar fuqaro vaucherdan foydalanishni istamasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul shaklida qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Hozirgi tartibga ko‘ra, rasmiy dilerlardan yangi avtomobil xarid qilish uchun xaridor odatda avtomobil qiymatining kamida 30–50 foizini boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lashi, qolgan mablag‘ni esa 3–5 yil davomida foizlar bilan qoplashi talab etiladi.

 

Masalan, bugungi kunda qiymati 165 million so‘m bo‘lgan "Cobalt" avtomobilini sotib olish uchun fuqaro kamida 50 million so‘m miqdorida dastlabki to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

 

Yangi mexanizm esa aynan shu muammoni bartaraf etishga qaratilgan. Masalan, fuqaroning eski "GAZ-24", "Moskvich" yoki birinchi avlod "Nexia" rusumli avtomobili bo‘lsa, u utilizatsiyaga topshirilib, bozor qiymati asosida baholanadi. Mazkur avtomobillar texnik holatiga qarab o‘rtacha 5 million so‘mdan 70 million so‘mgacha baholanishi mumkin.

 

Agar eski avtomobil eng kam qiymatda — 5 million so‘m deb baholansa ham, fuqaro yangi "Cobalt" xaridida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirmaydi. Avtomobil narxining qolgan 160 million so‘mini 7 yil davomida oyiga taxminan 1,9 million so‘mdan mutlaqo foizsiz to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Agar avtomobil yaxshi saqlangan bo‘lib, 70 million so‘m qiymatida baholansa, yangi avtomobil uchun qoladigan summa kamayadi va 7 yil davomida oylik to‘lov taxminan 1,13 million so‘mni tashkil etadi.

 

Agentlik ta’kidlashicha, mazkur tizim bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim vazifani hal etishga xizmat qiladi. Xususan, foydalanilgan, eskirgan yoki nosoz transport vositalaridan atrof-muhitga yetadigan salbiy ta’sirni kamaytirish, avtomobil parkini bosqichma-bosqich yangilash hamda fuqarolar uchun yangi avtomobil xarid qilishni moliyaviy jihatdan qulayroq qilish ko‘zda tutilgan.

 

Shu bilan birga, loyiha hali yakuniy ko‘rinishga keltirilmagan bo‘lib, hujjat jamoatchilik, mutaxassislar va manfaatdor tomonlarning takliflari asosida yanada takomillashtirilishi ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dehqon, fermerlar hamda barcha qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev dehqon, fermerlar hamda barcha qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabrikladi

O‘zbekistonda ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta yetishtirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi

Prezident Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etadi.

Toshkentda havo sifati yaxshilanadi: yog‘ingarchilik kutilmoqda

Toshkentda havo sifati yaxshilanadi: yog‘ingarchilik kutilmoqda

Yog‘ingarchilik havodagi PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdorini kamaytirib, havo sifatining yaxshilanishiga yordam berishi mumkin.

“O‘zgarishlarni eng murakkab joydan boshlash uchun bordik”: Saida Mirziyoyeva Qashqadaryodagi narkologiya muassasasida bo‘ldi

“O‘zgarishlarni eng murakkab joydan boshlash uchun bordik”: Saida Mirziyoyeva Qashqadaryodagi narkologiya muassasasida bo‘ldi

Mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida narkologiya tizimini tubdan yangilashga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.

Filtri nosoz issiqxonalar va korxonalar faoliyati to‘xtatildi: havo sifati nazorati kuchaytirilmoqda

Filtri nosoz issiqxonalar va korxonalar faoliyati to‘xtatildi: havo sifati nazorati kuchaytirilmoqda

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi havo sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qashqadaryoda 1,4 ming gektar tomorqa suv bilan barqaror ta’minlanadi

Qashqadaryoda 1,4 ming gektar tomorqa suv bilan barqaror ta’minlanadi

Saida Mirziyoyeva Qashqadaryoda suv ta’minotini yaxshilash masalalariga e’tibor qaratdi.

Toshkentda issiq suv nega loyqalandi? Veolia izoh berdi

Toshkentda issiq suv nega loyqalandi? Veolia izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim xonadonlarga jigarrang tusli issiq suv kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Olot tumani hokimi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi

Olot tumani hokimi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi

Uning hududni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi.