Buxorodan global maydonga qadar. Mirshod Shakirov qanday qilib mamlakatlar va bizneslar o‘rtasida ko‘prik qurmoqda?
Buxoroda tug‘ilib, Toshkentda tahsil olgan, professional faoliyatining muhim bosqichini Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida boshlagan Mirshod Shakirov global maydonda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklardan.

Bugun O‘zbekiston dunyoga nafaqat o‘z mahsulotlari, xizmatlari, investitsiyaviy imkoniyatlari, boy tarixi va betakror madaniyatini namoyon etmoqda. Mamlakatimizda yetishib chiqqan, keng dunyoqarashga ega, bir necha tillarda so‘zlasha oladigan va xalqaro maydonda erkin faoliyat yuritayotgan insonlar ham O‘zbekistonning yangi qiyofasini dunyoga olib chiqmoqda. Mirshod Shakirov – ana shunday global maydonda faoliyat yuritayotgan muvaffaqiyatli tadbirkorlardan biri.
Buxoroda tug‘ilib, Toshkentda tahsil olgan, professional faoliyatining muhim bosqichini Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida boshlagan Mirshod Shakirov ana shunday global maydonda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklardandir.
Bugun uning faoliyati AQSH, Buyuk Britaniya, Markaziy Osiyo, Yevropa, Osiyo va Okeaniya mamlakatlaridagi biznes loyihalari, xalqaro hamkorlik tashabbuslari, taʼlim dasturlari va tadbirkorlik aloqalarini qamrab oladi.
Mirshod Shakirovning hayot yo‘li bir savolni o‘rtaga qo‘yadi: O‘zbekistonda, tarixiy Buxoroda tug‘ilgan inson qanday qilib turli qitʼalar, biznes tizimlari va madaniyatlar o‘rtasida erkin harakatlanadigan, mamlakatlar va tadbirkorlar o‘rtasida iqtisodiy ko‘priklar qura oladigan global shaxsga aylanadi?
Yangi Zelandiya sobiq parlament aʼzosi, mamlakatning sobiq transport va iqtisodiy rivojlanish vaziri, Oklend Biznes palatasi rahbari Saymon Brijes Yangi Zelandiyada efirga uzatiladigan “Business Podcast” dasturida Mirshod Shakirovni Markaziy Osiyo va Yangi Zelandiya o‘rtasida ko‘prik qurayotgan shaxs sifatida taʼriflagan.
Shakirovning fikrlashi, tahlillari va amalga oshirayotgan loyihalari esa uning oddiy xalqaro tadbirkor emas, balki biznesni mamlakatlar, jamiyatlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi vosita sifatida ko‘radigan global tadbirkor ekanini ko‘rsatadi.
Buxoro - birinchi xalqaro maktab
Buxoro asrlar davomida Sharqni G‘arbga bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Shahardagi karvonsaroylar nafaqat savdo-sotiq markazi, balki turli tillar, madaniyatlar va g‘oyalar almashadigan maskan ham bo‘lgan.
Mirshod Shakirov ana shunday tarixiy va ko‘p madaniyatlar tutashgan Buxoroda ulg‘aygan.
U Vashingtonda “Amerika Ovozi”ga bergan intervyularidan birida Buxorodagi muhit xalqaro hamkorlik, bilim almashinuvi va insonlar o‘rtasida ko‘prik qurishni uning hayot yo‘lining muhim qismiga aylantirganini taʼkidlagan.
Shakirov o‘zbek, ingliz, rus, turk va fors tillarida muloqot qila oladi. Uning fikricha, til bilish biznesda faqat axborot almashish vositasi emas. Har bir yangi til boshqa xalqning tafakkuri, qadriyatlari, tarixi va biznes madaniyatini tushunish imkonini beradi.
Shu maʼnoda uning dunyoqarashi xorijda emas, aynan O‘zbekistonda shakllana boshlagan.
Toshkentdan boshlangan xalqaro yo‘l
Shakirovning dunyo bilan aloqasi 2002 yilda Toshkentda, Markaziy Osiyoda yagona sanalgan xalqaro “Westminster International Univercity in Tashkent” oliygohining ilk talabalaridan biri sifatida qabul qilinganidan boshlangan bo‘lib, u 2002–2006 yillarda to‘liq Prezident granti asosida tahsil olgan.
Universitetdagi taʼlim uning huquq, xalqaro biznes va global jarayonlar haqidagi bilimlarini mustahkamladi. Biroq uning qiziqishlari faqat auditoriya bilan cheklanib qolmadi.
2003 yilda u Norvegiyaning Oslo shahrida o‘tkazilgan ISCOMUN xalqaro talabalar konferensiyasida O‘zbekiston talabalari nomidan ishtirok etdi. Bu uning O‘zbekiston yoshlari vakili sifatida xalqaro muhitga chiqishidagi dastlabki qadamlaridan biri edi.
Buxoroda shakllangan ko‘p madaniyatli dunyoqarash, Toshkentda olingan xalqaro taʼlim, xorijiy tillarni bilish va talabalik davridayoq Yevropadagi xalqaro muhit bilan tanishish keyinchalik uni BMT Bosh qarorgohi va global biznes faoliyatiga olib borgan yo‘lning muhim bo‘g‘inlariga aylandi.
Mirshod Shakirov faoliyatining muhim bosqichlaridan biri 2009 yilda Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida boshlandi.
BMT Bosh qarorgohi dunyo siyosati, xalqaro xavfsizlik, insoniyat taraqqiyoti va davlatlararo munosabatlarga oid eng muhim masalalar muhokama qilinadigan markazlardan biridir.
Shakirov BMT Bosh Assambleyasi faoliyati bilan bog‘liq muhitda ishlab, davlatlar, xalqaro tashkilotlar va dunyo yetakchilari global masalalar yuzasidan qanday muzokara olib borishi va qarorlar qabul qilishini yaqindan kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.
“Global muhitda ishlash menga davlatlar, xalqaro tashkilotlar va dunyo miqyosidagi yetakchilar millionlab insonlarning kelajagiga taʼsir qiluvchi qarorlarni qanday qabul qilishini bevosita kuzatish imkoniyatini berdi. Ushbu tajriba menga diplomatiya faqat davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar bilan cheklanib qolmasligini anglatdi”, deydi Mirshod Shakirov.
Uning taʼkidlashicha, diplomatiya hukumatlar o‘rtasidagi rasmiy muzokaralardagina emas, biznes vakillari, investorlar, universitetlar, jamiyatlar va turli madaniyat vakillari o‘rtasidagi munosabatlarda ham namoyon bo‘ladi.
BMTdagi faoliyati davomida Shakirov yuzdan ortiq prezident va davlat rahbarlari ishtirok etgan oliy darajadagi uchrashuvlar, majlislar va xalqaro tadbirlarning bevosita guvohi bo‘lgan.
Ular orasida BMTning o‘sha davrdagi Bosh kotibi Pan gi Mun, AQSH prezidentlari Barak Obama va Bill Klinton, Fransiya prezidenti Nikola Sarkozi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Gordon Braun, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy, Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod, Monako shahzodasi Alber II, Italiya bosh vaziri Silvio Berluskoni, Ekvador prezidenti Rafael Korrea, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev, Braziliya prezidenti Luiz Inatsiu Lula da Silva, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qatar amiri Shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy hamda Xitoyning sobiq raisi Xu Szintao kabi yetakchilar bor.
Bunday muhitda orttirilgan tajriba Shakirov uchun diplomatiya, liderlik, protokol, xalqaro muzokara va davlatlarning global manfaatlarini tushunish bo‘yicha o‘ziga xos maktabga aylandi.
Shakirovning keyingi qariyb o‘n yetti yillik hayot yo‘li ham turli sohalardagi tajriba va mahorat maktabi bo‘ldi. U huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil oldi, logistika, xalqaro savdo va tadbirkorlik sohalarida tajriba orttirdi.
Bugungi kunda uning biznes faoliyati AQSH, Xitoy, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Eron va Hindiston kabi mamlakatardagi loyihalarni ham qamrab oladi.
Tadbirkor uchun mahsulot va bilimdan tashqari yana nimalar muhim?
Shakirov Forbes Kazakhstanʼga postsovet hududida bir qancha yirik biznes asoschilar yetishib chiqayotganini aytgan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hisob-kitoblariga ko‘ra, MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi)da 120 mingdan ziyod kompaniya asoschilari faoliyat yuritmoqda. Ular ko‘p tillarni biladigan, ulkan maqsadlar sari intiluvchan bo‘lsada, o‘zlarining tijoriy rejalari va o‘zlari kirib borishi kerak bo‘lgan siyosiy doiralar o‘rtasidagi institutsional ko‘prikdan hamon uzilib qolishganini aytgan.
“Toshkent yoki Olmaotadan chiqqan asoschi ulkan va ajoyib kompaniya barpo etishi mumkin, biroq o‘yin qoidalari belgilanadigan oliy doiralar uchun baribir ko‘rinmas bo‘lib qolaveradi. Biznes diplomatiya — bu aynan o‘sha xonalarga qanday qilib kirib borish va u yerda o‘z mavqengizni qanday saqlab qolish sanʼatidir”, — deydi u.

Mamlakatda minglab yoshlar xorijiy tillarni o‘rganmoqda, startaplar tashkil etmoqda, eksport qilishga intilmoqda va xalqaro taʼlim olmoqda. Ammo xalqaro bozorda muvaffaqiyat uchun bilim va mahsulot bilan bir qatorda muzokara olib borish, madaniyatlararo muloqot, xalqaro ishonch, shaxsiy reputatsiya va uzoq muddatli aloqalarni shakllantirish qobiliyati ham talab etiladi.
“Yangi O‘zbekiston” —yangi imkoniyatlar mamlakati!
Mirshod Shakirov O‘zbekistonda 2016 yildan keyin boshlangan siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarning ilk bosqichlaridanoq xalqaro maydonda hukumatning harakatlarini ijobiy baholab kelgan.
2016 yilda O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida “BBC Uzbek” bilan suhbatda u mamlakatda yangi davr boshlanayotganini aytib, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan o‘zgarishlarni “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi bilan ifodalagan.
Shakirov o‘sha paytdayoq mamlakatning ochiqlik sari yuz tutishi, davlat va jamiyat hayotidagi yangilanishlar hamda dunyo bilan faolroq muloqotga kirishishi O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar yaratishini taʼkidlagan.
Xalqaro tadbirkor Mirshod Shakirov AQSHning “Amerika Ovozi” xalqaro media tashkilotiga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyevning hukumatga kelganidan keyingi o‘zgarishlaridan biri sifatida valyuta konvertatsiyasining erkinlashtirilishini alohida qayd etgan.
U bu qarorni O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy imijini o‘zgartirgan va mahalliy tadbirkorlarning xalqaro miqyosda ishlash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirgan tarixiy burilishlardan biri sifatida baholagan.
Shakirovning fikricha, so‘nggi yillardagi ochiqlik va islohotlar O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa tadbirkorlar va yoshlar uchun ilgari mavjud bo‘lmagan xalqaro imkoniyatlar eshigini ochdi. Biroq ochiq eshikning o‘zi yetarli emas — undan kirish uchun yangi avlodning o‘zi ham tayyor bo‘lishi kerak.
Xalqaro tadbirkorning dunyoqarashi va uning biznes modeli tasodifan shakllanmagan. Ikki ming yillik karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan Buxoroda ulg‘aygan Shakirov yoshligidanoq madaniyatlar va tillar kesishmasida yashash savodxonligini o‘zlashtirdi.
Shakirov yuzlab tadbirkorlarning ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini xalqaro maydonga chiqishiga, ularning Yevropa bozorlarida sotilishiga ko‘maklashgan. Hozirgi vaqtda xalqaro biznesmen Mirshod Shakirov qo‘l ostida dunyo bo‘yicha 2000 nafardan ortiq kishi ishlamoqda.
“Business Diplomat”: fikrdan amaliyotgacha
2023 yilda Mirshod Shakirov “Business Diplomat” platformasiga asos soldi.
Ushbu tuzilma Zamonaviy Ipak yo‘liga bag‘ishlangan dunyodagi birinchi “Think-Do Tank” — yaʼni nafaqat tahlil qiladigan, balki g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishga intiladigan fikr va harakat markazi sifatida taqdim etilgan.
Shakirovning taʼkidlashicha, “Business Diplomat” oddiy taʼlim muassasasi, navbatdagi biznes klubi yoki faqat tadbirkorlar uchrashadigan hamjamiyat emas.
Platformaning maqsadi tadbirkorlar, investorlar, biznes yetakchilari, savdo-sanoat palatalari, universitetlar, davlat va xususiy sektor vakillari hamda strategik hamkorlarni yagona xalqaro maydonda birlashtirishdan iborat.

“Business Diplomat” tadbirkorlarga xalqaro bozorlarga chiqish uchun faqat nazariy bilim berishni emas, balki haqiqiy imkoniyatlar, ishonchli aloqalar, xalqaro uchrashuvlar va strategik hamkorliklarni taqdim etishni maqsad qilgan”, deydi Shakirov.
Platforma doirasida tadbirkorlar xalqaro taʼlim dasturlarida qatnashadi, xorijiy universitetlar, biznes palatalari, kompaniyalar, investorlar va ekspertlar bilan uchrashadi. Bu yondashuvda taʼlim safardan, nazariya amaliyotdan, biznes esa diplomatiyadan ajratilmaydi.
Shakirovning fikricha, tadbirkor xorijga faqat sayyoh yoki mahsulot sotuvchi sifatida emas, balki o‘z mamlakatining iqtisodiy salohiyatini namoyon eta oladigan, professional muzokara olib boradigan va uzoq muddatli ishonchni shakllantiradigan biznes diplomat sifatida chiqishi kerak.
Zamonaviy Ipak yo‘li va O‘rta yo‘lak
Mirshod Shakirov Ozarbayjonning «AZƏRTAS» davlat axborot agentligiga bergan intervyusida O‘rta yo‘lakni XXI asrning yangi Ipak yo‘li sifatida taʼriflagan.
Bugun O‘rta yo‘lak masalasi O‘zbekiston va mintaqa davlatlari rahbarlari tomonidan iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ilgari surilmoqda.
Sharq va G‘arbni bog‘laydigan ushbu yo‘nalish faqat yuk tashish yoki tranzit masalasi bilan cheklanmaydi. U Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa o‘rtasidagi sanoat, savdo, energetika, investitsiya va insoniy aloqalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Shakirovning fikricha, O‘rta yo‘lak asta-sekin oddiy tranzit arteriyasidan Yevrosiyoning yangi iqtisodiy konfiguratsiyasi shakllanadigan fundamental platformaga aylanmoqda.
Bu jarayonda portlar, temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari, logistika va ombor infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda, davlatlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, xalqaro hamkorlik va malakali kadrlar salohiyati ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Global taʼminot zanjirlari qayta shakllanayotgan bugungi sharoitda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari faqat tranzit hududi bo‘lib qolmasdan, jahon iqtisodiy jarayonlarining teng huquqli ishtirokchilariga aylanish imkoniga ega.
Aynan mana shu qarash Mirshod Shakirovni zamonaviy Ipak yo‘liga bag‘ishlangan “Business Diplomat” Think-Do Tank platformasini tashkil etishga ilhomlantirgan.
“Biz o‘zimizni ongli ravishda faqat Think Tank emas, Think-Do Tank deb ataymiz. Chunki global jarayonlarni o‘rganishning o‘zi yetarli emas. Tadbirkorlarni bir joyga to‘plash, haqiqiy xalqaro sherikliklarni yaratish va g‘oyalarni aniq iqtisodiy loyihalarga aylantirish zarur. Biz Yevroosiyo mamlakatlari, tadbirkorlar va jamiyatlar o‘rtasida yangi ishonch yo‘lagini quryapmiz”, deydi Shakirov.
Uning fikricha, O‘zbekiston yangi Ipak yo‘lining markazida joylashgani sababli mamlakat nafaqat geografik, balki intellektual va iqtisodiy markazlardan biriga aylanishi mumkin. Buning uchun infratuzilma bilan bir qatorda xalqaro miqyosda fikrlaydigan, turli madaniyatlar bilan ishlay oladigan va ishonchli munosabatlar o‘rnata oladigan kadrlar ham kerak.
Global tadbirkorlikning o‘zbekistonlik modeli
Mirshod Shakirovning faoliyatida bir-biridan uzoq ko‘ringan bir nechta yo‘nalish birlashadi: diplomatiya, tadbirkorlik, logistika, xalqaro savdo, taʼlim va madaniyatlararo muloqot. Shu sababli uning biznes modeli faqat mahsulot sotish yoki daromad olish bilan cheklanmaydi. Unda har bir xalqaro loyiha mamlakatlar va insonlar o‘rtasida yangi munosabatlar yaratish vositasi sifatida qaraladi. Bu yondashuv uning global tadbirkor sifatidagi asosiy xususiyatlaridan biridir.
Shakirov dunyoning turli hududlarida biznes yuritadi, biroq o‘zining Buxoro va O‘zbekistonda shakllangan ildizlarini xalqaro faoliyatidan ajratmaydi. U uchun globallashuv milliy o‘zlikdan voz kechish emas. Aksincha, o‘z tarixini, qadriyatlarini va mamlakatining manfaatlarini yaxshi bilgan holda dunyo bilan teng muloqotga kirishishdir.
Uning hayot yo‘lida Buxoroning tarixiy xotirasi, Toshkentdagi xalqaro taʼlim, Oslodagi dastlabki xalqaro tajriba, Nyu-Yorkdagi BMT muhiti va dunyoning turli biznes markazlaridagi faoliyat yagona mantiqiy zanjirni hosil qiladi. Bu zanjirning markazida esa ishonch qurish g‘oyasi turadi.
Mirshod Shakirovning Buxorodan Toshkentga, Oslodan Nyu-Yorkka, keyinchalik esa dunyoning turli biznes markazlari va Zamonaviy Ipak yo‘li g‘oyasigacha bo‘lgan yo‘li ham aynan shu tushuncha atrofida shakllangan.
Bugungi O‘zbekiston yoshlari uchun esa bu hikoyaning eng muhim xulosasi geografiya taqdiri emasligida bo‘lishi mumkin. Buxoroda, Toshkentda yoki mamlakatning boshqa bir hududida tug‘ilgan istalgan yosh bugun xalqaro maydonga chiqishi mumkin.
Buning uchun til o‘rganish, xalqaro dunyoqarashni shakllantirish, professional bilim olish va eng muhimi — turli insonlar va madaniyatlar o‘rtasida ishonch qura olish kerak.
Chunki XXI asrning yangi Ipak yo‘lida eng qimmat kapital faqat pul emas. Bu — ishonch, bilim va chegaralardan tashqarida fikrlash qobiliyatidir.







