Jahon

Yaqin Sharqda yangi alyans tuzildi

Yaqin Sharq mintaqasida yangi harbiy blok tashkil qilindi. Bu qanchalik muhim edi? O‘zi shundoq ham Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida harbiy kelishuv bor edi. Bu kelishuvdan kimlardan manfaatdor. “Makka” harbiy kelishuvi Eronga qarshi qaratilganmi?

Yaqin Sharqda yangi alyans tuzildi

Joriy yilning 8-avgust kuni Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida imzolangan “Makka” nomli harbiy kelishuvga Misrning ham qo‘shilishi ko‘rib chiqilmoqda. Shundan so‘ng xalqaro mediada Yaqin Sharqda yangi harbiy koalitsiya tuzildi. Shundan so‘ng, mazkur koalitsiya Eronga qarshi tuzilgan deya taxminlar ham yangray boshladi.



Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Anadolu axborot agentligiga bergan intervyusida 3 davlat o‘rtasida imzolangan ushbu harbiy mudofaa pakti NATOning o‘zaro mudofaani nazarda tutuvchi  5-moddasi bilan texnik bir xil ekanligini va bu kelishuv Eronga qarshi qaratilmaganini aytdi.



Fidanning aytishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ittifoq kengayishini istamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Misr boshqa davlatlar qatori ushbu ittifoqqa qo‘shilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy nomzodlardan biri.



Sunniy musulmon bo‘lgan va AQSh bilan ittifoqchilik munosabatlariga ega ushbu davlatlar mintaqadagi keskinlik kuchayib, Eron tomonidan Fors ko‘rfazidagi neft eksport qiluvchi davlatlarga raketa hujumlari uyushtirilayotganidan xavotirda.



Qo‘shma bayonotda aytilishicha, kelishuv har qanday tajovuzkorlik harakatiga qarshi “jamoaviy tiyib turish salohiyatini kuchaytirish”ga qaratilgan. Shuningdek, uch davlatdan biriga uyushtirilgan qurolli hujum “barcha uch davlatga qilingan hujum sifatida ko‘rilishi” belgilangan.



Uning qo‘shimcha qilishicha, hujum sodir bo‘lgan taqdirda ittifoqchilar maslahatlashuvlar orqali “yordamning darajasi, shakli va formatini” belgilaydi. Shu bilan birga, a’zo davlatlardan biriga hujum qilinmasa, hech bir davlat tahdid sifatida ko‘rilmaydi.

 

 

 



NATOning ikkinchi yirik armiyasiga ega bo‘lgan Turkiya mazkur pakt boshqa mintaqa davlatlari uchun ham ochiqligini va u mavjud ittifoqlarning o‘rnini egallashni maqsad qilmaganini bildirdi.


“NATO 32 davlatni birlashtirgan ulkan harbiy ittifoq. Biz esa bu yerda uch davlat sifatida boshladik va juda ehtiyotkor, biroq aniq qadamlar tashlashimiz kerak”, — degan Fidan.



Uning aytishicha, bitimni yakunlash bo‘yicha muzokaralar “ikki yil-u sakkiz oy” davom etgan.



Fidan ittifoq doirasida NATOdagi tuzilmalarga o‘xshash “vazirlar qo‘mitasi" tashkil etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida “bosh kotibiyat” tashkil etiladi. Biroq uning operatsion faoliyatiga oid tafsilotlar birinchi qo‘mita yig‘ilishida belgilanadi.



“Prezidentimizning qarashi shuki, biz uchta davlat bilan cheklanib qolmasligimiz, balki kengayib, mintaqadagi barcha davlatlarni ushbu tom ostida birlashtirishimiz kerak”, — degan Fidan.



So‘nggi oylarda Turkiya, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Misr mintaqaviy masalalarni, xususan, “Eron bilan bog‘liq urushni” muhokama qilish uchun guruh tuzgan. Turkiya ushbu guruh — “R4” deb ataladigan tuzilma — aniq mexanizmlar orqali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganini bildirgan.



Siyosatshunos Muxtor Nazirovning fikricha, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi mudofaa shartnomasi 2025-yilda imzolangan Pokiston va Saudiya Arabiston o‘rtasidagi kelishuvning kengaytirmasi hisoblanadi.



“Xuddi shu Saudiya bilan Pokiston o‘rtasidagi mudofaa sanoati, razvedka ma’lumotlari va birgalikda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, texnologiyalar transferi borasidagi shartnomani, bitimni endi kim bilan ham imzolanayotganligini ko‘ryapmiz — ya’ni, Turkiya bilan ham.



Tomonlarni nima manfaat, nima birlashtiradi? Siyosatshunosning aytishicha, birinchi o‘rinda tomonlar uchun diplomatik forma. Ammo mazkur tashkilot asosida xalqaro tashkilot tuziladimi? Bu tashkilot barcha musulmon mamlakatlarni birlashtira oladimi? Va boshqa bir qancha savollar ham bor. Chunki imzolangan shartnomalarning  hujjatlari ommaga e’lon qilinmagan.

 

“Har uchala mamlakatning ham xavfsizlik borasidagi xavotirlari o‘zining mintaqasiga ko‘proq taqaladi. Saudiya Arabistoni bu yerda asosiy birlashtiruvchi omil bo‘lyapti. Ya’ni Saudiya Arabistonini xavotirga solayotgan masala — bu Yaqin Sharq mintaqasidagi beqaror vaziyat va Saudiya Arabistonining xavfsizligini barqaror ta’minlash institutlari yetarli emasligi. Bu yerda nega Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ularning yaqin munosabatlari, Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy bazasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ko‘p milliardli shartnomalar Saudiya Arabistonining xavfsizligini ta’minlab bera olmayapti? Janubdagi husiylarning doimiy, muttasil xavfi bor. Ko‘rfaz mintaqasidai urush davrida neft eksport qilish imkoniyatlari cheklangan. Masalan, yetmish foizini Qizil dengizdagi port orqali, o‘ttiz foizini Ko‘rfaz orqali eksport qiladigan bo‘lsa, ikkala mintaqa ham hozir bemalol emas, beqaror.

 

Va uchinchidan esa, Saudiya Arabistoni bu mintaqada doimiy barqaror bo‘lgan bir institutsional asoslarni qidiryapti deb o‘ylayman. Ya’ni, buni ishora qiluvchi jihatlar nimadan iborat desangiz, bejizga Amerika Qo‘shma Shtatlari, ayniqsa Donald Tramp ma’muriyati davrida, yana Ibrohim shartnomalarini yoyish haqida gapirmadi. Va asosiy obyekt, keyingi imzolaydigan mamlakat sifatida Saudiya Arabistonini belgilagani, muzokara olib borilganligi haqida ko‘p ochiq manbalarda ma’lumotlar chiqdi. Ya’ni Ibrohim shartnomalari — bu birgina Isroilni tan olish emas, diplomatik munosabat o‘rnatish emas. Isroil-Amerika koalitsiyasi tomonidan Yaqin Sharq mintaqasi barqarorligini ta’minlash, ya’ni barqarorlik va xavfsizlik kafolati sifatida aynan shu mamlakatlarning mavqeyini belgilash ham degani.



Pokiston mintaqadagi kuchlar balansini ta’minlashga doimiy ravishda intilgan. Ya’ni uning asosiy xavfsizlik bo‘yicha xavotirlari Hindiston bilan bog‘liq, Afg‘oniston bilan bog‘liq. Ya’ni, doim suverenitetini ta’minlash, mamlakat barqarorligini ta’minlash, ehtimoliy konfliktlarda ittifoqlar, alyanslar yaratishga doim intilib kelgan. Endi shuning uchun ham Pokistonning bu yerdagi ishtirokini, ko‘proq nima desa bo‘ladi, nominal deb hisoblayman. Ya’ni uning yadro quroliga ega ekanligi u mintaqa mamlakatlariga yadro quroli beradi yoki birgalikda tadqiqot qiladi degan farazga olib kelmaslik kerak”, — degan siyosatshunos.



Esingizda bo‘lsa iyul oyi oxirida AQSH prezidenti Donald Tramp va Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘rtasidagi maxfiy kelishuvi “The Washington Post”, The Wall Street va boshqa xalqaro yirik medialarda oshkor qilindi. Unda AQSH Saudiya Arabistoniga fuqarolik yadro dasturini yashirin berishi aytilgan. Buning o‘rniga esa Qo‘shma Shtatlar Saudiyaga Ibrohim kelishuvga qo‘shilishi shartini qo‘ygan. Shunda Saudiya Arabistoni dasturni Pokistondan olmoqchimi?

 

Siyosatshunos Nazirov xuddi shunday holatni AQSH va Armaniston o‘rtasida  ham kuzatilganini aytdi. Armanistonga ham Amerika Qo‘shma Shtatlari kichik hajmdagi atom elektrostansiyalarini, tinchlik maqsadidagi yadro reaktorlarini qurish taklifini bergan. Muxtor Nazirov  fikricha, AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi “maxfiy kelishuvda” harbiy maqsadlar yo‘q.



“Amerika Qo‘shma Shtatlarining Saudiya Arabistoniga bu boradagi hamkorlikni taklif etganligining ortida, nazarimda, harbiy maqsadlar yo‘q. Ya’ni harbiy maqsadlar, bilasiz, bu mintaqaning juda ham bir nozik xavfsizlik muhitini yanada murakkablashtirib yuboradi. Sababi, bu mintaqada yadro quroliga ega bo‘lgan va shu sababli ham Amerikaning birlamchi ittifoqchisi bo‘lgan Isroil bor. Va uning mavqei birinchi darajada ko‘rib chiqiladi. Saudiya Arabistonining yadro quroliga ega bo‘lishi bu muvozanatning buzilishiga olib keladi. Va balki o‘sha Ibrohim shartnomalariga qo‘shilishi uchun Amerika tarafi tomonidan berilgan, “xo‘rak” desak.



Jon Mirshaymer hujumkor realizm nazariyasi asoschisi aytyaptiki, Amerika Qo‘shma Shtatlari bu Eron bilan urushda allaqachon mag‘lub bo‘lib bo‘lgan. Ya’ni uning argumentlari qolmadi. Ya’ni u qanchalik hujum qilishga intilmasin, javob hujumlari uning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga bo‘lmoqda va u Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini himoya qila olmayapti. U yerdagi harbiy bazalari ham u hujumdan o‘zini himoya qila olmayapti. Demakki, Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo vaqt kerak, bu urushga jiddiy tayyorgarlik yoki chekinish kerak. Va chekinish uchun xohlasa-xohlamasa baribir diplomatik yon berishga majbur bo‘ladi.



Endi tasavvur qiling, Saudiya Arabistoni bu vaziyatdan bexabar deb o‘ylaysizmi? Saudiya Arabistoni ham mana shu bir diplomatik platformani shakllantirmoqda, istiqbolda mana shu kelishuv asosida, balki xalqaro tashkilot tuziladi, balki Eronning o‘zi ham bu tashkilotga qo‘shilar. Yoki Islom hamkorlik tashkiloti ichida qanaqadir ixtisoslashgan tashkilot maqomiga chiqar, buni albatta vaqt ko‘rsatadi.



Shuning uchun ham bu jarayon, ya’ni ittifoq avvalo Saudiya Arabistoniga kerak deb o‘ylayman. Ya’ni Saudiya Arabistoni Amerika bilan endigi muzokaralar, muloqotlarida mana shu harbiy bitimni ko‘rsata oladi: “Sen xavfsizlikni ta’minlay olmayapsan, demak, men majburman buni qilishga. Sen undoq qilolmayapsan, men buni qilishga majburman. Men hamkorlikni, xavfsizlik borasidagi hamkorlikni diversifikatsiya qilishga majburman”, deyishi mumkin. Buni Turkiya ham ishlatishi mumkin, Turkiya ham manfaatlaridan kelib chiqib, Pokiston ham ishlatishi mumkin. Ya’ni, bu ko‘proq shu diplomatik bir platformaga ko‘proq o‘xshaydi, bu shartnoma — degan siyosatshunos.

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"