Shimoliy Koreya Rossiya-Ukraina urushidan qanday boyib ketdi?
Shimoliy Koreyaning Rossiyaga ko‘rsatgan urush yordami evaziga olgan daromadlari Kim Chen Inning hokimiyatini mustahkamladi va aholining tor bir qatlamining ham boyishiga imkon berdi.

Germaniyaning Deustche Welle nashriga ko’ra, sun’iy yo’ldoshdan olingan tasvirlarda 2020-yil apreliga qadar Shimoliy Koreya yillar davomida elektr energiyasidan doimiy ravishda qiynalib kelgan. Vaqti kelganda butun mamlakat bo’ylab elektr chiroqlari bo’lmagan. Biroq 2020-yil aprelidan buyon o‘tgan olti yil ichida Pxenyan markazidagi yoritilgan hudud ikki barobardan ko‘proq kengaydi, yorug‘lik zichligi esa uch baravar oshdi.
NK News axborot portali shahardagi yoritishning kuchayishini rejim o‘z yutuqlarini namoyish etish maqsadida markazdagi yangi ko‘chalar va turar joylarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berayotganining dalili sifatida baholamoqda.
Davlat rahbari Kim Chen In 2021-yilda bo‘lib o‘tgan partiyaning VIII qurultoyida poytaxtda 50 mingta yangi uy-joy qurilishini e’lon qilgan edi. Kim bu rejani amalga ham oshirdi. Ulardan biri — Hwasong tipidagi qit’alararo ballistik raketani eslatuvchi ikkita 40 qavatli turar joy binosi ham qad rostlagan yangi Hwasong mavzesi.
Rossiya bilan foydali urush savdosi
Taxminlarga ko‘ra, diktatura bu kutilmagan iqtisodiy jonlanishni asosan Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushiga ko‘rsatgan ko‘magidan olgan katta daromadlari hisobidan moliyalashtirmoqda. Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti (INSS) tomonidan mart oyida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Shimoliy Koreya Moskvaga o‘q-dorilar sotishi va askarlar yuborishi evaziga 7,7 milliard dollardan 14,4 milliard dollargacha daromad olgan.
Bloomberg’ning global iqtisodiy tadqiqot va tahlil bo‘linmasi Bloomberg Economics yaqinda amalga oshirgan hisob-kitobga ko‘ra, 2022–2025-yillarda Rossiyaga ko‘rsatilgan harbiy yordam Shimoliy Koreyaga 4 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan.
Xitoy bilan savdo, Shimoliy Koreya ishchilarining xorijga yuborilishi, eksport va internet orqali sodir etiladigan jinoyatlardan yana qariyb 8 milliard dollar daromad olingan. Masalan, 2025-yil fevral oyida Bybit platformasiga qarshi amalga oshirilgan, shu paytgacha bo‘lgan eng yirik kiberhujumda Shimoliy Koreyalik deb taxmin qilinayotgan xakerlar Ethereum ko‘rinishida 1,5 milliard dollarni qo‘lga kiritgan. Ethereum — o‘zining virtual valyutasiga ega blokcheyn tarmog‘i. Taqqoslash uchun: Shimoliy Koreyaning o‘tgan yilgi yalpi ichki mahsuloti 27 milliard dollar edi.
Kim: “Hammasi o’zgardi"
Rossiyani qo‘llab-quvvatlashdagi yangi roli rahbar Kimga ham ko‘proq siyosiy ahamiyat, ham katta harbiy kuch berdi. Buning ko‘zga tashlanadigan belgilaridan biri — har birining og‘irligi 5 ming tonna bo‘lgan ikkita esminetsning suvga tushirilishi bo‘ldi. Xalqaro medialarning yozishicha, avtokrat rahbar 15 yillik hokimiyati davomida shu paytgacha hech qachon bunchalik katta ta’sir va mablag‘ga ega bo’lmagan.
Koronavirus pandemiyasi davrida vazn yo‘qotgan Kim 2021-yil boshida bo‘lib o‘tgan Mehnat partiyasi qurultoyida ko‘z yosh bilan “iqtisodiyotning deyarli barcha sohalari kutilganidan ortda qolganini”** tan olgan edi. Besh yil o‘tib, navbatdagi partiya qurultoyida esa bino oldida artilleriya qurollarining yetti qatori namoyish etildi va Kim hayajon bilan:“Hammasi tubdan o’zgardi”, dedi.
Rossiya bilan o‘rnatilgan hamkorlik tufayli Shimoliy Koreya jahon siyosatidagi yakkalangan davlat maqomidan uzoqlashdi va o‘z izolyatsiyasini buzdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024-yil iyun oyida Pxenyanda Kim bilan uchrashdi. Xitoy prezidenti Si Szinpin esa Belarusning avtokrat rahbari Aleksandr Lukashenkoning tashrifidan uch oy o‘tib, joriy yil iyun oyida Shimoliy Koreyaga keldi. Kim, shuningdek, 2025-yil sentyabrida Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan marosimlarda Si va Putin bilan birga qatnashdi.
Askar yuborish ham foydali biznes
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida kambag‘al Shimoliy Koreyaning ulkan o‘q-dori zaxiralaridan foydalanish g‘oyasi dastlab Moskvadan chiqqanmi yoki Pxenyandan — bu lbatta noma’lum. Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024 va 2025-yillarda Rossiyaning frontda ehtiyoj sezgan o‘q-dorilarining yarmini yetkazib bergan. Bundan tashqari, u o‘ziyurar gaubitsalar, ko‘p stvolli raketa tizimlari va ballistik raketalar yuborgan. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya hozir ham Ukrainaga qarshi jang qilish uchun Rossiyaga 90 nafar askar, oltita raketa uchirish qurilmasi va 120 tagacha raketadan iborat raketa bo’linmasini yuborishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq 16 mingdan 22 ming nafargacha Shimoliy Koreyalik askar Rossiya kuchlariga Ukraina qo‘shinlarini chegaradagi Kursk viloyatidan siqib chiqarishda, keyinchalik esa hududdagi minalarni tozalashda yordam bergan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Kim endilikda Rossiyaga yana 30 mingdan 50 ming nafargacha askar yubormoqchi. Bu ancha daromadli biznes: INSS hisobotiga ko‘ra, Kim hukumati yuborilgan har bir askar uchun oyiga 2 800 dollar, har bir ofitser uchun 3 000 dollar, halok bo‘lgan har bir askar uchun esa 6 mingdan 10 ming dollargacha mablag‘ oladi.
Sovet Ittifoqi davridagi kabi o‘zaro savdoning katta qismi ayirboshlash asosida amalga oshirilmoqda. O‘q-dorilar, qurol-yarog‘ va askarlar evaziga Moskva Shimoliy Koreyaga xom neft va neft mahsulotlari, don hamda harbiy texnika yetkazib bermoqda. Ular havo mudofaa tizimlaridan tortib uchuvchisiz havo apparatlari, raketalar va suvosti kemalarini ishlab chiqarishda foydalanish mumkin bo‘lgan texnologiyalargacha yetib boradi.
Biroq ekspertlarning fikricha, iqtisodiy jonlanish aholining katta qismiga yetib bormayapti. Oziq-ovqat narxlarining oshishi va mamlakat valyutasi — vonning qadrsizlanishi xorijiy valyutaga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalarga ayniqsa qattiq ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘plab oilalarda turmush darajasini saqlab qolish uchun endilikda ayollar ham ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kim 2024-yil bahorida nisbatan farovon poytaxt Pxenyan tashqarisidagi hududlar uchun“20x10” deb nomlangan rivojlanish dasturini ilgari surdi. Dastur, ehtimol, favqulodda daromadlar hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, har yili 20 ta shahar yoki tumanda zamonaviy fabrikalar quriladi. O‘n yil ichida jami 200 ta hududiy sanoat loyihasini amalga oshirish maqsad qilingan.
Biroq Seuldagi Kookmin universiteti professori, Shimoliy Koreya bo‘yicha mutaxassis Andrey Lankovning fikricha, 20x10 loyihalari asosan muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Lankovning aytishicha: “Buning sababi fabrikalarda faqat zarur infratuzilmaning mavjud emasligida emas; elektr energiyasi, uskunalar va xomashyo ta’minotini yo‘lga qo‘yadigan mexanizmlar ham e’tibordan chetda qoldirilmoqda”.
Lankovning fikricha, ushbu fabrikalarning, ayniqsa kichik va o‘rta biznes uchun mos bo‘lmagan rejali iqtisodiyot tamoyillari asosida boshqarilayotgani ham muammo tug‘dirmoqda:
“Shimoliy Koreyada 2010-yillarning o‘rtalarida kuzatilgan iqtisodiy o‘sishdan farqli o‘laroq, bugungi o‘sish ichki iqtisodiy islohotlardan kelib chiqmayapti; u faqat xalqaro sharoitlarning Shimoliy Koreya foydasiga o‘zgarishi natijasidir”.








