UzQR olish jarayoni raqamlashtirildi: endi arizani onlayn yuborish mumkin
Tadbirkorlar Biznes 24/7 ilovasida ariza yuborishi, QR-kod yaratib, uni yuklab olishi mumkin.

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan tadbirkorlar uchun UzQR olish jarayoni raqamlashtirildi. Bu haqda bank axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, endilikda tadbirkorlar QR-kod olish uchun bank ofisiga borishi shart emas. Barcha jarayonni Biznes 24/7 ilovasi orqali masofadan turib amalga oshirish mumkin.
Yangi imkoniyat tadbirkorlarga vaqtni tejash, to‘lovlarni qabul qilish jarayonini soddalashtirish va savdo nuqtalarida hisob-kitoblarni yanada qulay tashkil etish imkonini beradi.
Tadbirkorlar UzQR orqali turli banklar va to‘lov ilovalaridan keladigan to‘lovlarni bitta QR-kod yordamida qabul qilishlari mumkin. Buning uchun bir nechta QR-kod yoki qo‘shimcha qurilmalardan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi. QR orqali amalga oshirilgan to‘lovlar tadbirkorning bank hisobvarag‘iga tushadi, barcha operatsiyalarni esa yagona platforma orqali kuzatib borish mumkin. Natijada kassadagi ortiqcha jarayonlar qisqarib, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tezlashadi.
UzQR xaridorlar uchun ham qulaylik yaratadi. Ular o‘zlariga qulay bo‘lgan istalgan bank yoki to‘lov ilovasi orqali to‘lovni amalga oshirishlari mumkin. Bu naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish bilan birga, to‘lov jarayonini tez va sodda tashkil etish imkonini beradi.
UzQR olish uchun tadbirkor Biznes 24/7 ilovasida “Yagona QR” bo‘limiga kirib, ariza yuborishi, uning holatini kuzatishi, QR-kodni yaratishi va yuklab olishi mumkin. Jarayon quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi: Yagona QR → Ariza yuborish → Holatini kuzatish → QR yaratish → Yuklab olish.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB raqamli xizmatlarni rivojlantirish orqali tadbirkorlarning bank xizmatlaridan foydalanishini yanada soddalashtirish, shuningdek, ular uchun vaqt va xarajatlarni tejaydigan yechimlarni kengaytirishni davom ettirayotganini bildirdi.








