Hududlarda kredit olib, biznesini yurgiza olmagan 62 ming aholi bor
Prezident ayrim hudud rahbarlarining mavjud resurslardan samarali foydalanib, aholini ish bilan ta’minlashda yetarli natija ko‘rsata olmayotganini tanqid qildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ajratilgan kredit resurslarining natijadorligi tumanlar kesimida qiyosiy tahlil qilindi.
O‘tgan davrda Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga bir xil — 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resurslari ajratilgan. Sharof Rashidov tumanida ushbu mablag‘ hisobidan 30 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Qarshi tumanida 13 ming nafar ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan. Bunda bir kishiga mos ravishda o‘rtacha 78 million va 176 million so‘mdan mablag‘ sarflangan.
Qamashi va Piskent tumanlariga ham 1 trillion 100 milliard so‘mdan kredit berilgan. Qamashida 28 ming, Piskentda esa 4,5 ming nafar kambag‘al aholi ushbu toifadan chiqarilgan.
Shunga o‘xshash holatlar qator hududlarda, jumladan, G‘uzor, Nishon, Muborak, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq, Farg‘ona tumanlari hamda Nurafshon, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ham kuzatilayotgani qayd etildi.
Xususan, Piskentda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga o‘rtacha 250 million so‘m kredit to‘g‘ri kelayotgani aytildi. Shu mablag‘ evaziga ayrim boshqa hududlarda sanoat sohasida yuqori daromadli doimiy ish o‘rinlari yaratilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari ayrim hudud rahbarlari qo‘lidagi tayyor resurslardan samarali foydalanib, aholini ish bilan ta’minlash borasida yetarli natija ko‘rsata olmayotganini tanqid qildi. Ularning zamonaviy iqtisodiyotdagi tebranishlar va tezkor o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglamayotgani qayd etildi.
Shuningdek, hududlarda so‘nggi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi, ya’ni 17 foizi faoliyatini to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Banklardan kredit olib, biznesini yurgiza olmagan 62 ming nafar fuqaro kreditlarni qaytarishda qiynalayotgani qayd etildi.
Buning asosiy sabablaridan biri sifatida atigi 1 mingta mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla bankiri “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashni bilishi ko‘rsatib o‘tildi.








