Talonchi soliqchilar: Qarshida inspektorlar 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirdi
Ular pulni soliq qarzdorligini so‘ndirish maqsadida olib, keyinchalik o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Qashqadaryo viloyatida soliq to‘lovchilarning pullarini talon-toroj qilgan soliqchilar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi shahar soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektorlari M.A., Sh.T. va boshqalar 97 nafar soliq to‘lovchidan 122,6 mln so‘mni go‘yoki soliq qarzdorligini so‘ndirish maqsadida olib, ushbu pullarni soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvarag‘iga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Zangiota tumanida soliq inspeksiyasi bosh inspektori pulni kirim qilmasdan shaxsiy bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan tadbirkorni jarimaga tortmaslik evaziga 1000 dollar pora talab qilgani fosh etilgandi.








