Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin
Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

2026-yilda Toshkent shahrining markaziy va turistik ko‘chalari, xiyobonlar hamda aholi va sayyohlar tashrif buyuradigan obyektlar atrofida 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi (hojatxona) tashkil etiladi.
Bu Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakovning tegishli qarorida belgilangan. Shoxobchalar soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, hojatxonalarni joylashtirish uchun zarur topografik ishlarni amalga oshirish xarajatlariga 140,4 mln so‘m ajratish bo‘yicha “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ kuzatuv kengashiga taklif kiritiladi.
Mablag‘ni Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot, shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJga ajratish ko‘zda tutilgan.
Ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ ta’minlaydi. Toshkent shahri G‘aznachilik xizmati boshqarmasi esa mablag‘larni belgilangan tartibda moliyalashtirish choralarini ko‘radi.








