Dunyo yetakchilari O‘zbekiston mustaqilligi munosabati bilan tabrik yo‘llamoqda
Qator davlat rahbarlari, shuningdek, BMT, ShHT, IHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari mamlakatimizni istiqlol bayrami bilan qutladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan qutlovlar yo‘llanmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston bilan strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, o‘zbek xalqiga tinchlik va ravnaq tilaklarini bildirdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekistonni mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shayotgan ishonchli hamkor sifatida e’tirof etib, mamlakatimiz xalqiga farovonlik tiladi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotganini alohida qayd etib, O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev ikki xalqni qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turganini ta’kidlab, o‘zbek xalqiga tinchlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini e’tirof etib, o‘zbek xalqini Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona qo‘shnichilik aloqalarini yuqori baholab, mamlakatimiz xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zbek xalqining tinchligi, farovonligi va taraqqiyotini tilab, Mustaqillik bayrami bilan chin dildan qutladi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston bilan birodarlik rishtalariga asoslangan hamkorlik aloqalari yanada rivojlanishini tilab, o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqiga samimiy tilaklarini yo‘llaganlar orasida Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad ibn Salmon Ol Saud, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardari, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon, Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radеv, Irlandiya Prezidenti Maykl Higgins, Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich, Sloveniya Prezidenti Natasha Pirts Musar, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini, Latviya Prezidenti Edgars Rinkevichs, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Chexiya Prezidenti Petr Pavel, Shveytsariya Konfederatsiyasi Prezidenti Karin Keller-Zutter, Estoniya Prezidenti Alar Karis, Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosniya va Gertsegovina Prezidenti Jeljko Komshich, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolligi Qiroli Charlz III, Yaponiya Imperatori Naruhito, Belgiya qiroli Filipp, Ispaniya qiroli Filipp VI, Marokash qiroli Muhammad VI, Kambodja qiroli Norodom Sihamoni, Mo‘g‘uliston Prezidenti Ukhnaagiyn Khurelsukh, Singapur Prezidenti Tarman Shanmuqaratnam, Vyetnam Prezidenti Luong Kuong, Tailand Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Phumtham Vechayachai, Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos, Afg‘oniston Bosh vaziri Muhammad Hasan Ohund ham borligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ShHT Bosh kotibi Nurlanbek Ermekboev, Turk davlatlari tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Asad Xon, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, ISESCO Bosh direktori Salim al-Malik, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Bosh direktori Tsyuy Dun’yuy ham O‘zbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarini izhor etdilar.







