Afg‘onistonning Qunduz viloyatida yashovchi 13 yoshli o‘smir nihoyatda xavfli sayohatga qo‘l urdi. U 21-sentabr kuni “Kam Air” aviakompaniyasining Kobul – Nyu-Dehli yo‘nalishidagi yo‘lovchi samolyotining qo‘nish moslamasi bo‘limiga yashirinib olgan.
Parvoz 1,5 soat davom etib, samolyot Dehliga qo‘ngach, bola aeroport hududida xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. So‘roq jarayonida o‘smir aslida Tehronga borishni rejalashtirganini, biroq adashib boshqa reysning shassi bo‘limiga kirib qolganini ma’lum qilgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday sharoitda omon qolish deyarli imkonsiz: samolyotlar 9–12 ming metr balandlikda uchadi, havoning harorati esa minus 50 darajagacha tushadi, qo‘nish moslamasi bo‘limi isitilmagan va germetik bo‘lmaganligi sababli kislorod tanqisligi – gipoksiya xavfini yuzaga keltiradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shassi bo‘limida yashiringan yo‘lovchilarning qariyb 77 foizi bunday parvozlarda halok bo‘ladi. Shu bois, mutaxassislar o‘smirning omon qolishini “mo‘jiza” sifatida baholashmoqda.
O‘smir Hindiston huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olinib, Kobulga qaytarilgan.


