Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida davlat xaridlariga oid uchta holatda jami 1,4 milliard so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlangani maʼlum qilindi. Agentlik maʼlumotiga ko‘ra, mazkur jarayonlarda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgan, raqobat va xolislik prinsiplari taʼminlanmagan.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy markazining 832 million so‘mlik Mirasol plazma to‘plamlari xaridi, Xorazm viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati”ning 298 million so‘mlik ekoturizm bo‘yicha master-reja ishlab chiqish loyihasi, hamda Oliy sud huzuridagi departamentning Jizzaxdagi bo‘limi tomonidan 253,5 million so‘mlik muzey jihozlarini xarid qilish jarayonlarida qonunbuzilishlar kuzatilgan.
Agentlik taqdimnomalari asosida xarid komissiyalarining g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha bayonnomalari bekor qilindi. Bu bilan tenderlarning qonunga xilof tarzda o‘tkazilishining oldi olindi va davlat mablag‘laridan noo‘rin foydalanish xavfi bartaraf etildi.
Yig‘ilgan hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan bo‘lib, ular tomonidan belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilishi rejalashtirilgan.


