Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston energiya sarfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, binolarning yakuniy energiya iste’molidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa davlatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Shu bois energiya samaradorlik sohasida tizimli islohotlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlik tashkil etilgan. Unga 2030-yilgacha iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy obyektlarda esa 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan. 2026-yil uchun rejalarda ijtimoiy obyektlar va aholi turar joylarini energiya samarador binolarga aylantirish ko‘zda tutilib, bu maqsadlar uchun joriy yilda 150 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiya ajratilishi belgilangan.
Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obyekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Ushbu loyihalarga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat sohasida energiya tejamkorlikni oshirish choralari belgilandi: 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellari o‘rnatilib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi hamda 693 milliard so‘m mablag‘ tejalishi kutilmoqda.
Taqdimotda elektr energetikasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyinchalik boshqa hududlarga kengaytiriladi. Prezident energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini ta’kidlab, mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.


