Ijtimoiy tarmoqlarda Bektemir tumanida 9-sinf o‘quvchisi tomonidan 3-sinf o‘quvchisiga tan jarohati yetkazilgani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar organlari tomonidan quyidagi ma’lumot berildi.
Joriy yil 4-oktyabr kuni soat 16:20 larda 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.A. Bektemir tumanidagi 290-sonli maktab hududida 2016-yilda tug‘ilgan F.A. bilan og‘zaki tortishuvga kirishgan. Mojaro davomida S.A. velosipedda harakatlanib ketayotgan F.A.ni oyog‘i bilan tepib yuborgan, natijada u yiqilib, yuz qismi bilan yerga urilgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchi F.A.da yuqori labning shilliq qavati yirtilishi, yuqori jag‘ tishlarining chiqishi, shuningdek peshona, yonoq, yelka va qo‘l kaftlarida yumshoq to‘qima lat yeyishlari aniqlangan. Jarohatlar sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlari deb baholangan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Jarayon Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan shaxsan nazoratga olingan.
Shuningdek, voyaga yetmagan S.A.ning onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, javobgarlikka tortilgan.
Maktab ma’muriyati va ota-onalar bilan profilaktik tushuntirish ishlari o‘tkazildi hamda kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish yuzasidan zarur choralar belgilandi.
Tekshiruv yakunida qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.


