Samarqand viloyatining Qo‘shrabod tumanidagi 71-maktabda sodir bo‘lgan noxush holat yuzasidan mas’ullar javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
6-oktabr kuni soat 9:30 atrofida maktabning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi K.S. sinfga kirib, 3-sinf o‘quvchisini urgan holat yuz berdi. Aniqlanishicha, K.S. bu ishni farzandining shikoyati asosida amalga oshirgan — bolaning o‘g‘li tanaffus vaqtida sinfdoshi tomonidan urilganini aytgan.
Mazkur harakatlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video orqali jamoatchilik e’tiboriga tushganidan so‘ng, voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.
Sud-tibbiy ekspertiza natijalariga ko‘ra, jabrlangan bola yengil tan jarohati olgan. Ish hozirda sud ko‘rib chiqishida.
Natijada maktabning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi mehnat intizomini buzganligi sababli lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, holat yuzasidan ichki nazorat yetarli darajada ta’minlanmagani uchun maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga intizomiy jazo qo‘llanildi.
Ta’lim boshqarmasi bunday holatlar qattiq nazorat ostida ekanini, pedagogik jamoalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka mutlaqo toqat qilinmasligini alohida ta’kidladi.


