O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov mamlakatda turli og‘ir kasalliklarning yoshlar orasida keng tarqalib borayotgani haqida fikr bildirdi. Deputatning ta’kidlashicha, bu holatning asosiy omillaridan biri — farmatsevtika sohasining tijoratlashib ketgani.
“Bugungi kunda yurak xurujlari, insult, qandli diabet, onkologik kasalliklar yoshlar orasida ham ko‘paymoqda. Bu jarayon farmatsevtika biznesining kengayib borishi bilan bog‘liq emasmi? Sog‘liqni saqlash tizimida inson salomatligi emas, dori vositalarini sotish ustuvor maqsadga aylanib qoldi”, — dedi Qodirov.
Deputat shuningdek, diabet bilan og‘rigan bemorlarga mo‘ljallangan retseptlarning shakllanishiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, ayrim hollarda bemorlarga dori sifatida parhez qo‘shimchalari tavsiya qilinmoqda va bu ularning sog‘lig‘iga foyda keltirmaydi.
“Bemor bir yarani davolash uchun dorixona eshigini qoqsa, unga millionlab so‘mlik dorilar yozib beriladi. Ammo ularning ko‘pi aslida parhez qo‘shimchalar. Bemorni ‘tovar’ sifatida ko‘radigan tizimni o‘zgartirish zarur”, — deya ta’kidladi siyosatchi.
Shuningdek, Alisher Qodirov kuchli ta’sir ko‘rsatadigan dori vositalari va antibiotiklarni faqat shifokor retsepti asosida sotish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish zarurligini bildirdi.
Deputatning ushbu chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng rezonans keltirib chiqardi. Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi farmatsevtika sohasida nazoratni kuchaytirish va bemor manfaatlarini ustuvor qo‘yish zarurligini qo‘llab-quvvatlagan.


