1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

9 yildan so‘ng ishiga qaytgan IIO xodimi, huquqi tiklangan huquqshunos, umid kurtak yozgan ko‘ngillar...

Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi ommaviy qabullarida 1 ming 713 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 743 tasi joyida hal qilindi.

9 yildan so‘ng ishiga qaytgan IIO xodimi, huquqi tiklangan huquqshunos, umid kurtak yozgan ko‘ngillar...

 

Har bir ota-ona farzandini oliy maʼlumotli, ziyoli, elu-yurtga nafi tegadigan yaxshi inson bo‘lishini istaydi. Ne-ne orzu-umidlar ila ulg‘aytiradi. Navoiylik Sayyora Egamova ham mana shunday orzumand onalardan. Uning ikki farzandi xorijda tahsil oladi. Biroq bu oila uchun bir muncha qiyinchilik keltirib chiqarmoqda. Respublika ishchi guruhining “Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Navoiy viloyatidagi uchrashuvi Sayyora opa uchun ayni muddao bo‘ldi. Uning ikki yildan buyon Koreya davlatida IT sohasida tahsil olayotgan o‘g‘li Bekzod Umrqulovni yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalaridan biriga ko‘chirishni so‘rab qilgan murojaati hal etildi. Yaʼni, Bekzod yangi o‘quv yilini Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filialida davom ettiradi.

 

Ommaviy qabullarda yuzlab murojaatlar o‘z yechimini topyapti

 

Davlatimiz rahbarining alohida topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining “Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Navoiy viloyatidagi ommaviy qabullari ham anchayin ishchan ruhda o‘tdi. “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosidagi bu muloqotlar maydoni viloyatning aholisi uchun o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan rahbarlar bilan yuzma-yuz gaplashib olish imkonini berdi.

 

Prezident Administratsiyasi masʼullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, qariyb o‘ttizta vazirliklar, qo‘mitalar va tashkilotlar rahbarlarining  Navoiy shahridan 250 km. olisdagi Zarafshon shahrining “Tinchlik” mahallasidan boshlangan muloqotlari Navbahor tumanining “Keskanterak”, Karmana tumanining “Zarafshon” mahallalarida davom etdi.

 

 

Uch kunlik qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullari 67 ta masalani ko‘rib chiqib, ularning 32 tasini joyida hal qildi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana, Tomdi, tumanlari, Zarafshon shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 9 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi, 9 nafarining jazosi yengilrog‘iga almashtirildi.

 

Prokuratura 131 ta murojaatning 43 tasini joyida hal qildi

 

Farrux Halilov “Zarafshon golden grupp” korxonasi  huquqshunosi. U Oliy sud vakillariga mazkur tadbirkorlik subyekti manfaatini himoya qilish maqsadida murojaat qildi. Xususan, Sud hukmiga ko‘ra, ushbu korxonaga  5 million so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan. Biroq prokuror protestida bu summa 350 million etib belgilanishi keltirilgan. Sayyor qabulda huquqshunos sudning birinchi hukmi o‘z kuchida qoldirishni so‘rab qilgan murojaati appelyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.

 

Bosh prokuratura masʼullari tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik, kredit ajratish va ishga joylashish kabi masalalarga oid 131 ta murojaatning 43 tasini joyida hal qildi.

 

 

Navbahorlik Ziyodullo Kamolovning ham muammosiga shu yerda yechim topdi. Shuncha vaqtdan beri yurak xastaligidan aziyat chekib kelayotgan bu insonga bepul davolanishi uchun yo‘llanma berildi.

 

Navbahorlik Gavhar Tursunovaga 3 nafar farzandi uchun aliment pullari olib berilib, tikuvchilik yo‘nalishida kasbga o‘qitiladigan va subsidiya asosida tikuv mashinasi olib beriladigan bo‘ldi.

 

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Karmana tumani bo‘limiga murojaat qilgan Sanobar Rahmonova maʼlum sabablar bilan oilasidagi kelishmovchilik tufayli ajrashishga qaror qilgandi. U va turmush o‘rtog‘i o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgach, ajrim yoqasiga kelib qolgan oila yarashtirildi.

 

Zarafshonlik yigitning orzusi ushaldi: u profilaktika inspektoriga yordamchi bo‘ldi

 

Ichki ishlar vazirligi masʼullari qabullarda 144 ta masalani ko‘rib chiqib, ularning 61 tasini joyida hal qildi. Xususan, Zarafshonlik 21 yoshli Jonibek Yarashev sohada ishlash ko‘p yillik orzusi ekanini aytgach, u Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” mahallasi profilaktika inspektori yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.

 

Nodir Jo‘rayev 9 yil oldin Nurota tuman ichki ishlar bo‘limida faoliyat yuritgan. 2013 yilda ishdan bo‘shatilganidan noroziligini bildirib, ishga tiklash masalasida o‘z murojaatini yo‘lladi. Uning bu muammosi ham ko‘rib chiqilib, endilikda tizimda o‘z ishini davom ettiradigan bo‘ldi.

 

 

Adliya vazirligi masʼullari sud-huquq masalalarga oid 67 ta murojaatning 30 tasini joyida hal qildi. Jumladan, Konimexlik tadbirkor Tursun Isayevga adliya organlariga qilgan murojaatidan so‘ng davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan savdo do‘koni uchun kompensatsiya ajratiladigan bo‘ldi.

 

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilariga murojaatidan so‘ng Xatirchilik Nurxon Jo‘rayeva ham avvalgi ish joyi – Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga qaytdi. Bu ayol avval o‘rindoshlik asosida ishlab ishdan bo‘shagan bo‘lsa, endi alohida shtatga ishga olindi.

 

2019 yilda oilaviy sharoiti tufayli Navoiy davlat  pedagogika institutidan o‘qishdan chetlatilgan navbahorlik Zarifa Shomurodovani ham o‘qishga tiklash masalasi shu yerda hal etildi.

 

Xastalar ko‘nglida umid uchquni

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullariga qabullar davomida jami 102 murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 83 tasi ijobiy yechim topdi. Deylik, murojaatlardan so‘ng o‘tgan yili onkologik kasallikni yengib o‘tgan zarafshonlik Zulfiya Ummatovaning to‘liq sog‘lom hayotga qaytishi uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi uchun yo‘llanma ajratildi.

 

 

Uzoq yillardan beri xastalik bilan kurashib kelayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj Olmaxon Boltayevaga jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 43 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

 

Bandlik yo‘nalishida ham muammolar ijobiy yechim topdi

 

Ancha vaqtdan buyon ishsizlikdan qiynalib yurgan Gulnoza Boynazarova esa Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi masʼullari bilan muloqotdan so‘ng tikuvchilik korxonasida ishlaydigan bo‘ldi.

 

Tomdi tumanida tuya junidan kiyim-kechak tayyorlaydigan kichik korxona egasi Aynara Do‘stovaga esa faoliyatini kengaytirish maqsadida, yangi uskunalarni xarid qilish uchun imtiyozli kredit ajratildi.

 

Xalqimiz azaldan yo‘l qurganlarning mehnatini ulug‘laydi. Chunki bir yo‘l bilan yuzlab odamlarning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘ladi. Ommaviy qabullarda avtomobil yo‘llari qo‘mitasi masʼullari bu boradagi qator murojaatlarga ham yechim topdi. Deylik, Navbahor tumani “Dul-Dul” mahallasida yashovchi Boboqul Hilolov murojaatidan so‘ng taʼmirga muhtoj mahalla ko‘chalariga tosh-shag‘al va beton yotqiziladigan bo‘ldi. Endi mahalladagi 3 ming nafarga yaqin aholi ravon yo‘ldan ishga-o‘qishga borib keladi.

 

 

Karmana tumanining “Uyrot” mahallasida istiqomat qiluvchi Ismatulla Ibodov hamda Sanʼat Hasanov shu vaqtgacha ishsizligi bois oilada ham bir muncha muammolar yuzaga kelayotganini taʼkidlab, bandlik masalasida qo‘mita rahbariyatiga murojaat qildi. Quvonarlisi, ularga sayyor qabulning o‘zida ishga qabul qilingani to‘g‘risidagi bo‘yruq  rasmiylashtirib, maxsus kiyim bosh ham topshirildi.

 

Viloyat masʼullari ham qo‘l qovushtirib turmadi

 

Viloyat hokimligi masʼullari tomonidan 200 ta murojaat tinglanib, shundan 58 tasi joyida hal etildi. Xususan, murojaatidan so‘ng ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisada tan jarohati olgan 2-guruh nogironi Jalil Temirovga moddiy yordam ko‘rsatilib, uning ayoli tikuvchilik sexiga ishga joylashtirildi.

 

Qiziltepalik Qo‘zi Ibragimov esa jigar serrozi bilan og‘rib kelayotgan farzandida o‘tkazilishi zarur bo‘lgan jarrohlik operatsiyasi uchun moliyaviy yordam so‘rab murojaat qildi. Viloyat rahbarining qarori bilan unga 50 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi ommaviy qabullarida 1 ming 713 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 743 tasi joyida hal qilindi. 306 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, qolgan 664 ta masalani hal qilish bo‘yicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.

 

Bahriniso Madumarova tayyorladi 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика