“O‘zbekiston”, “Mening O‘zbekistonim”, “Assalom O‘zbekiston” kabi kuylari nafaqat televideniye orqali, balki rasmiy tantanalar, bayram sahnalari va xalq orasida ham tinmay yangrab kelgan buyuk bastakor Sultonali Rahmatov bugun og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Sultonali Rahmatov — O‘zbekistonning zabardast bastakori, sozandasi va sahna odamidir. U Toshkentda tug‘ilib, yoshligidan musiqaga oshno bo‘lgan. Toshkent konservatoriyasini tamomlab, san’atga butun umrini bag‘ishladi.
U 2006 yilda Nyu-York Qirollik Akademiyasi tomonidan xalqaro kompozitor sifatida tan olingan. 2010 yilda unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan.
Rahmatov 1000 dan ortiq asarlar muallifi. U rahbarlik qilgan ansambllar va jonli konsertlari — ayniqsa Samarqand Registonidagi sahna chiqishi — xorijliklar uchun O‘zbekistonning tashrif qog‘ozi bo‘lgan.
Bir muddat avval Zamon.uz og‘ir ahvolda yotgan bastakorning yaqinlari bilan bog‘langan edi.
Tahririyatimiz nomidan marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.


