1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Andijonda Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi

Shuningdek, Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o'tkaziladi.

Andijonda Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi

27-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohalarida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish hamda kreaktiv iqtisodiyot imkoniyatlarini kengaytirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimotda madaniyat markazlarida davlat-xususiy sheriklik asosida innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik va estetik tarbiyani kuchaytirish, tarixiy, ilmiy hamda animatsion milliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Prezident qarori bilan tashkil etilgan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti faoliyatini kengaytirish, institutda ta’lim olayotgan iqtidorli talabalarni xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga yuborish, xalqaro estrada tanlovlarini o‘tkazish, stipendiyalar joriy etish va san’atkor nomidagi memorial muzey tashkil etish takliflari ilgari surildi.

 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalq artisti Sheralijon Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etilishi, ushbu muassasa qoshida ijodiy laboratoriya barpo etilib, qo‘shiqlarning “oltin fondi” shakllantirilishi, yoshlar uchun zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilishi belgilandi.

 

Shuningdek, hududlarda professional orkestrlar faoliyatini kengaytirish, jumladan, Farg‘ona viloyatida simfonik orkestr hamda milliy cholg‘ular orkestrini tuzish, ularni zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi.

 

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda hozirda 14 mingdan ortiq korxona kreaktiv iqtisodiyot sohasida faoliyat yuritmoqda. Kelgusi besh yilda bu soha hajmini ikki barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish belgilangan.

 

Mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma tashkil etilishi, ushbu platforma orqali 3 mingdan ortiq hunarmand bosqichma-bosqich o‘qitilishi rejalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, Buxoro shahri YUNESCO’ning “Kreativ shaharlar” tarmog‘iga kiritilgani munosabati bilan 2025-yilning sentabr-noyabr oylarida ushbu shaharda birinchi zamonaviy san’at biennalesi o‘tkazilishi belgilandi. Tadbirda 40 ga yaqin davlatdan 70 nafardan ortiq mashhur rassom ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasida hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida “Istiqlol” bog‘i negizida kreaktiv klaster va “Orol maktabi” tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maktabda mahalliy hunarmandlar va dizaynerlar uchun an’anaviy bilimlar hamda innovatsion yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan ta’lim beriladi.

 

Yig‘ilish yakunida Prezident mazkur sohalarda ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va madaniy turizmni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli asosda amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика