25-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan chiqindi xizmatlari bo‘yicha qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, sohaga oid sanitariya xizmatlari mutasaddilari hamda deputatlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining amaliy natijalari tahlil qilindi.
Chiqindi xizmatlari uchun to‘lov faqat real bajarilgan xizmatlarga nisbatan hisoblanmoqda. Bu jarayonda xizmat ko‘rsatish texnikalariga GPS qurilmalari o‘rnatilgan.
“Toza makon” billing tizimi orqali 7,3 milliondan ortiq abonentning shaxsiy ma’lumotlari PNFL va kadastr raqamlariga bog‘lanib, yagona bazada identifikatsiyadan o‘tkazilgan.
“ONE ID” tizimi asosida ishlovchi mobil ilova orqali foydalanuvchilar shaxsiy hisoblarini ko‘rib chiqishi, to‘lov amalga oshirishi, murojaat yuborishi mumkin.
Yagona billing tizimi Ichki ishlar, Adliya, Bojxona, Kadastr va my.gov.uz platformalari bilan to‘liq integratsiya qilingan.
Integratsiya va avtomatlashtirilgan yechimlar:
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda SMS xabarnoma, cheklov va avtomatik tiklash tizimlari sinovdan o‘tkazilgan.
Qarzdorlik bo‘yicha 2025-yil avgust oyidan boshlab yangi tartibda xabar beriladi: 2024-yil 30-iyungacha to‘plangan qarzdorliklar amaldagi tizimdan istisno qilingan.
Qonunchilikka muvofiq, qarzdorlik yuzasidan undirish ishlari zarur hollarda sud tartibida amalga oshiriladi.
Ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qayta hisob-kitob qilish tartibi mavjud bo‘lib, joriy yilning yanvar-iyul oylarida 1,3 million abonent foydasiga jami 75 milliard so‘mlik qarzdorlik bekor qilingan.
Aholi uchun xizmat narxi oyiga bir kishi uchun 4500–8500 so‘mni tashkil qilsa-da, xizmat ko‘rsatish tannarxi o‘rtacha 1 million so‘mdan ortiq.
Davra suhbati yakunida parlament va soha mutaxassislari o‘rtasida doimiy maslahatlashuv va muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholining e’tirozlarini tezkor hal qilish, xizmatlar sifatini oshirishda fuqarolar bilan ochiq aloqani ta’minlash borasida kelishuvga erishildi.


