O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan fuqarolar bir martalik nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-iyuldagi qarori bilan rasman tasdiqlandi. Nafaqa miqdori 6 barobar bazaviy hisoblash miqdorini (hozirda 2,25 million so‘m) tashkil etadi.
Nafaqani olish uchun ozodlikka chiqqan fuqarolar 1 oy ichida yashash hududidagi tuman yoki shahar probatsiya bo‘limiga murojaat qilishlari lozim. Ariza elektron tarzda, qo‘shimcha hujjatlarsiz, faqatgina shaxsni tasdiqlovchi raqamli vositalar – elektron raqamli imzo, Mobil ID yoki barmoq izi orqali topshiriladi.
Yordam “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali tayinlanadi va “E-probatsiya” raqamli tizimi orqali qayta ishlanadi. Ushbu tizim “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri” bilan integratsiyalashgan bo‘lib, 2025-yil 1-sentabrgacha Ichki ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan to‘liq ishga tushiriladi.
Nafaqa mahalliy byudjet hisobidan to‘lanadi. Mablag‘ sobiq mahkumning bank kartasiga o‘tkaziladi yoki naqd shaklda beriladi. Bank to‘lov komissiyasi 0,1 foizdan oshmasligi kerak. Agar bir oy ichida yordam olinmasa, to‘lov bekor qilinadi. Mazkur tartibga ko‘ra, 2025-yil uchun respublika va mahalliy byudjetlardan zarur mablag‘ ajratilishi, 2026-yildan boshlab esa ushbu chora doimiy byudjet rejalashtirishga kiritilishi belgilangan.


