O‘zbekiston bo‘ylab avgust oyida yog‘ingarchilik kam kuzatiladi, harorat esa iqlimiy me’yorlarga yaqin va nisbatan qulay bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi — “O‘zgidromet” rasmiy axborotida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oy boshida respublika hududida quruq va biroz issiq havo hukm suradi. Kunduzi harorat asosan +34...+37 daraja atrofida saqlanadi, ayrim janubiy hududlarda harorat +40...+41 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Bu ko‘rsatkichlar avgust oyi uchun odatdagi iqlimiy darajaga yaqin sanaladi.
Tungi harorat esa oy davomida +18...+23 daraja oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Oyning uchinchi o‘n kunligida esa havo asta-sekin salqinlashadi: kechalari harorat +13...+18 darajagacha, kunduzi esa +30...+35 darajagacha tushadi. Janubiy viloyatlarda harorat +36...+38 daraja atrofida saqlanadi.
Avgust oyining katta qismida yog‘ingarchilik kuzatilmasligi ehtimoli yuqori. Respublikaning aksariyat hududlarida ob-havo asosan quruq bo‘ladi.


