
Yil boshidan buyon doimiy aholining o‘sish surʼati 1,5 foizga oshgan. Mamlakat aholisi yil boshidan buyon har oyda o‘rtacha 57 811 kishiga ko‘paygan.
Bundan tashqari, 2021-yilning har bir kunida doimiy aholi soni o‘rtacha 1,9 ming kishiga oshgan. O‘zbekistonda yil boshidan 670,7 ming tug‘ilish qayd etilgan.
Maʼlumot uchun, 2021-yilning 1-oktabr holatiga respublikaning doimiy aholisi soni 35 million 79,2 ming kishini tashkil etmoqda. Doimiy aholi soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga oshgan.
Taʼkidlanishicha, respublikaning doimiy aholisi so‘nggi 30 yil ichida 13,9 million kishiga oshgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2020-yil 1-aprel holatiga ko‘ra respublika doimiy aholisi sonining 30,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 58,7 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatdagi demografik vaziyat haqidagi hisobotida O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2021-yil 1-iyul holatiga ko‘ra 34,86 million kishini tashkil etib, yil boshidan 301,3 ming kishiga yoki 0,9% ga ko‘paydi.
Avvalroq O‘zbekistonda aholi soni 35 milliondan oshgani hamda yurtimizning doimiy aholisi soni maʼlum qilingani haqida xabar berilgandi.


