Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ekstremistik va terroristik g‘oyalarga aloqador holat aniqlandi.
Andijon IIBning ma’lum qilishicha, Shahrixon tumani “Saroy” mahallasida yashovchi, 2008-yilda tug‘ilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni muntazam tinglab kelgani oqibatida Suriyadagi terroristik tashkilotlar ta’siriga tushgan. U mazkur tashkilot targ‘ibotchilari bilan aloqa o‘rnatib, ularning ko‘rsatmalari asosida faoliyat olib borgan.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs topshiriqqa muvofiq Instagram ijtimoiy tarmog‘ida “al g‘arib” nomli profil ochib, Suriyadagi terroristik tashkilotning media markazi tomonidan tayyorlangan video va audio materiallarni joylashtirgan. Shuningdek, u Andijon viloyatining Ulug‘nor va Shahrixon tumanlarida yashovchi, 2006–2009-yillarda tug‘ilgan 13 nafar tengdoshini birlashtirgan “Axiylar” nomli virtual guruhga a’zo bo‘lgan.
Mazkur virtual jamoa doirasida “jihod” va “hijrat” mavzulari, shuningdek, xalqaro terrorchilik tashkilotlarining da’vat va chaqiriqlari muhokama qilingan hamda Suriyaga chiqib ketish rejasi tuzilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu jamoa faoliyatiga barham berildi va 13 nafar yoshning xorijga chiqib ketishining oldi olindi.
Holat yuzasidan jamoa a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


