Angrenda voyaga yetmagan qizning ommaviy zo‘rlanishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Surayo Rahmonova ma’lum qildi.
Ombudsman 15 yoshli jabrlanuvchi davolayotgan tibbiyot markaziga borib, u bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida qizning sog‘lig‘i, ota-onasi va yaqinlariga bo‘lgan ishonchi, shuningdek, davo muassasasidan chiqqach kim bilan yashashni xohlashi haqida ma’lumot olindi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jabrlanuvchining ahvoli ancha yaxshilangan: uning vazni ortgan, umumiy sog‘ligi barqarorlashgan. Psixolog muntazam ishlayotgani, qiz asta-sekin og‘ir ruhiy holatdan chiqib borayotgani qayd etildi.
Bolalar ombudsmanı voyaga yetmaganlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida sud jarayonlarida bevosita ishtirok etishini bildirdi. Shuningdek, u davolanish tugagach jabrlanuvchini xavfsiz oilaviy muhitga joylashtirish jarayonini kuzatishda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, hodisa joriy yil iyul oyida bo‘lgan. 15 yoshli qiz bir necha erkak, jumladan, qarindoshi tomonidan uzoq muddat zo‘ravonlikka uchragani aniqlangan. Holat og‘irlashganidan keyin u reanimatsiyaga yotqizilgan, tana vazni 28 kilogrammga tushib ketgan va yura olmay qolgan. Shifokorlar tavsiyasi bilan u Toshkentda davolanishga o‘tkazilgan.


