Apple kompaniyasi AirPods foydalanuvchilari uchun inqilobiy yangi funksiyani rejalashtirmoqda. Bloomberg News’ning ma’lumotiga ko‘ra, AirPods yaqin orada suhbatlarni real vaqt rejimida tarjima qila oladi.
Ushbu yangilik Apple’ning iOS 19 yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lib, joriy yil oxirida taqdim etilishi kutilmoqda. Mazkur funksiya AirPods dasturiy ta’minotini yangilash orqali joriy etiladi va foydalanuvchilarga turli tillarda erkin muloqot qilish imkonini beradi.
Hozircha Apple ushbu xabar bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Biroq, Google allaqachon Pixel Buds quloqchinlarida shunga o‘xshash tarjima texnologiyasini taqdim etgan.
Bundan tashqari, Bloomberg’ning boshqa hisobotida Apple AirPods’ga kamera o‘rnatilgan yangi model ustida ham ish olib borayotgani aytilgan. Kompaniya yaqin yillarda AirPods funksiyalarini kengaytirib, nafaqat musiqani tinglash, balki aqlli yordamchi sifatida foydalanish imkonini berishga harakat qilmoqda.


