AQSh hukumati 2025-yil boshidan buyon 515 mingdan ortiq noqonuniy muhojirni mamlakat hududidan chiqarib yubordi. Bu haqda Ichki xavfsizlik departamenti kotibi yordamchisi Trisiya Maklaflin ma’lum qildi, deya xabar beradi TASS.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil yakuniga qadar deportatsiya qilinganlar soni 600 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, joriy yil davomida 2 milliondan ortiq muhojir AQShni tark etgan bo‘lib, ularning qariyb 1,6 millioni mamlakatni o‘z ixtiyori bilan tark etgan.
Departament ma’lumotida qayd etilishicha, deportatsiya jarayonlari asosan noqonuniy kirish, viza muddatini buzish va jinoyat sodir etgan shaxslar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha amalga oshirilmoqda.
Xususan, may oyida AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan 131 nafar muhojirni deportatsiya qilgan, ular orasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari ham bor edi. Sentyabr oyida esa AQShdan 39 nafar O‘zbekiston fuqarosi maxsus reys orqali mamlakatga qaytarilgan.
Mutaxassislar fikricha, Donald Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng deportatsiya siyosati ancha qat’iylashgan. Maqsad — mamlakat xavfsizligini mustahkamlash va noqonuniy migratsiya oqimini keskin kamaytirishdir.


