AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasida Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvga tayyorgarlik ishlari vaqtincha to‘xtatildi. NBC News muxbiri Garret Haake’ning Oq uy manbalariga tayangan holda bildirishicha, Vashington “har ikki tomon hali muzokaralar uchun to‘liq tayyor emas” degan xulosaga kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh senatori Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi telefon orqali suhbat samarali o‘tgan bo‘lsa-da, Tramp uchrashuvni keyinga surish qarorini ma’qullagan. Oq uy rasmiy vakillari ham prezident yaqin orada Putin bilan sammit o‘tkazishni rejalashtirmayotganini tasdiqladi.
CNN’ning yozishicha, muzokaralar jarayonining to‘xtatilishiga Rossiya tomonidan ilgari surilgan “keskin talablar va maksimalist pozitsiya” sabab bo‘lgan. Ayniqsa, tomonlar Ukraina masalasida turlicha yondashuvlarga ega bo‘lib, bu qarama-qarshilik sammit tayyorgarligini sekinlashtirgani qayd etilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Sergey Ryabkov ham hozircha uchrashuvning aniq sanasi yoki joyi bo‘yicha kelishuv mavjud emasligini bildirdi.
Tramp esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng frontdagi vaziyatni “mavjud chiziqda muzlatib qo‘yish” taklifini ilgari surgan. Mazkur tashabbusni Yevropa davlatlari ijobiy kutib olgan bo‘lsa-da, Moskva bu fikrni “avvalgi kelishuvlarga zid” deb baholagan.
Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, AQShning tezkor o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlari “mojaroni yuzaga keltirgan asosiy sabablarni yashirishga urinish” sifatida ko‘rilmoqda.
Hozircha Budapeshtda o‘tkazilishi kutilgan Tramp–Putin uchrashuvining sanasi noma’lumligicha qolmoqda.


