The New York Times gazetasi AQSH rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Donald Tramp va uning yaqin maslahatchilari Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlarning keng ko‘lamli variantlarini muhokama qilmoqda. Ular orasida Eron yadroviy dasturini yo‘q qilish maqsadida AQSH maxsus kuchlarini yashirin ravishda joylashtirish varianti ham mavjud bo‘lib, bu eng xavfli ssenariylardan biri sifatida baholanmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Oq uy hozircha harbiy harakatlarga ruxsat bermagan va Pentagon tomonidan taklif etilgan variantlardan birortasini tanlamagan. Rasmiylar Prezident Tramp hozircha diplomatik yechim imkoniyatlarini ochiq qoldirayotganini, harbiy bosim esa Tehronni muzokaralarga undash vositasi sifatida ko‘rilayotganini taʼkidlamoqda.
Oq uy vakili Anna Kellining aytishicha, Tramp dunyodagi eng qudratli armiyaning bosh qo‘mondoni sifatida Eron masalasida ko‘plab variantlarga ega. Shu bilan birga, u harbiy choralar qo‘llanilmasligiga umid bildirishini, biroq Eron rasmiylari kech bo‘lmasidan kelishuvga erishishi lozimligini qayd etgan.
AQSH rasmiylarining taʼkidlashicha, Eron hududida har qanday harbiy operatsiya Venesueladagi ehtimoliy harakatlarga nisbatan ancha murakkab va xavfli bo‘ladi. Davlat kotibi Marko Rubio Senatdagi eshituvda Eron AQSH uchun ancha kuchli va tayyor raqib ekanini tan oldi.
Shu sababli, Tramp maʼmuriyati barcha variantlarni muhokama qilishda davom etmoqda. NYT qayd etishicha, Eron yadroviy dasturiga qarshi maxfiy maxsus kuchlar operatsiyasi eng yuqori xavf darajasiga ega. Gazeta, shuningdek, muhim davlat va harbiy nishonlarga zarbalar berish orqali mamlakat ichida beqarorlik keltirib chiqarish ehtimoli ham muhokama qilinayotganini yozadi. Biroq bunday ssenariy Eron rahbariyatida kim hokimiyatga kelishi va yangi rahbariyat AQSH bilan hamkorlikka tayyor bo‘ladimi-yo‘qmi, degan noaniqliklarni keltirib chiqaradi.
Shu hafta Tramp USS Abraham Lincoln boshchiligidagi harbiy flot Eron tomonga yo‘l olayotgani haqida ogohlantirdi hamda agar Tehron yadroviy kelishuvga bormasa, yana-da keskin choralar ko‘rilishini istisno etmadi.
Marko Rubioning maʼlum qilishicha, hozirda Eron yaqinidagi AQSH harbiy bazalarida 30–40 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchi joylashtirilgan. Ularning Eron dronlari va taktik raketalari tahdidi ostida ekanini taʼkidladi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa mamlakatga qarshi har qanday hujum “tez va kuchli” javobsiz qolmasligini bildirdi. Shu bilan birga, Tehron teng huquqli va bosimsiz muzokaralar asosida yadroviy kelishuvga tayyor ekanini yana bir bor maʼlum qildi.


