AQSH Davlat departamenti Eron hududida yuz berayotgan keng ko‘lamli norozilik namoyishlari, internet va aloqa cheklovlari, shuningdek, jamoat transporti faoliyatidagi uzilishlar fonida Amerika fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqda Tehrondagi AQSH manfaatlarini ifodalovchi rasmiy manbalar eʼlon qilgan bayonotda maʼlum qilindi deydi RBC.
Bayonotda AQSH fuqarolariga muqobil aloqa vositalarini oldindan rejalashtirish, imkon bo‘lsa, Eronni Armaniston, Turkiya yoki Turkmaniston bilan quruqlikdagi chegaralar orqali tark etish tavsiya etildi. Agar mamlakatni tark etishning imkoni bo‘lmasa, fuqarolarga uylarida yoki boshqa xavfsiz joylarda boshpana topish, yetarli miqdorda oziq-ovqat, ichimlik suvi, dori-darmon va zarur buyumlar zaxirasini tayyorlab qo‘yish tavsiya qilindi.
Shuningdek, ikki fuqarolikka ega AQSH fuqarolariga safar vaqtida Eron pasportidan foydalanish maslahat berildi. Sababi, Eron hukumati bunday shaxslarning AQSH fuqaroligini tan olmaydi.
Bayonotda AQSH va Eron o‘rtasida diplomatik va konsullik aloqalari mavjud emasligi, Tehrondagi AQSH manfaatlari Shveytsariya tomonidan himoya qilinishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, L‘Orient Today nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, Tehrondagi Fransiya elchixonasining diplomatik yordam xodimlari norozilik namoyishlari sabab Eronni tark etgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, rialning keskin qadrsizlanishi, xalqaro sanksiyalar va Isroil bilan bog‘liq keskinlik fonida inflyatsiya qariyb 50 foizga yetgan. Bu holat hukumatga qarshi norozilik namoyishlarining o‘nlab shaharlarga yoyilishiga sabab bo‘lgan. Inson huquqlari tashkilotlari maʼlumotiga ko‘ra, noroziliklarning 16-kunida yuzlab namoyishchilar halok bo‘lgan. Rasmiy Tehron esa tartibsizliklarda AQSH va Isroilni ayblamoqda


