Islomobodga rasmiy tashrifi chog‘ida Eronning Pokistondagi elchisi Reza Amiri Mogaddam Tehron va Vashington o‘rtasidagi keskin munosabatlar yuzasidan muhim bayonot bilan chiqdi. Diplomatning maʼlum qilishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Eron tomoniga mamlakatga harbiy hujum qilish niyatida emasligini bildirgan hamda Tehronni vazminlikka chaqirgan.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, mazkur maʼlumotni u tungi soat 1:00 atrofida olgan. Xabarda AQSH rahbari urushni istamasligi, shuningdek, Erondan mintaqadagi Amerika manfaatlari va nishonlariga qarshi harakatlardan tiyilishni so‘ragani qayd etilgan. Ushbu bayonot AQSHning Eron ichidagi norozilik namoyishlari fonida bildirgan harbiy aralashuv ehtimollari muhokama qilinayotgan bir paytda yangradi.
Ichki vaziyatga to‘xtalar ekan, Reza Amiri Mogaddam fuqarolarning tinch norozilik bildirish huquqini tan olgan holda, hukumat namoyishchilar bilan muloqot olib borayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, u G‘arb ommaviy axborot vositalarini zo‘ravonlikni qo‘zg‘atishda ayblab, ayrim qurolli guruhlar tomonidan masjidlar va jamoat obyektlariga hujumlar uyushtirilganini maʼlum qildi.
Eron rasmiylariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi vaziyat to‘liq nazorat ostida, norozilik namoyishlari esa to‘xtagan. Tehron Isroil yoki AQSH tomonidan ehtimoliy tajovuz sodir etilgan taqdirda, mintaqadagi ularning nishonlariga qarshi javob choralarini ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan.
Shuningdek, Reza Amiri Mogaddam Pokiston hukumatiga har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirib, 44 yildan buyon sanksiyalar bosimi ostida yashayotgan Eron uchun moddiy yordamdan ko‘ra musulmon davlatlarining maʼnaviy va siyosiy birdamligi muhim ekanini alohida taʼkidladi.


