AQShning Vashington shtatida asalari to‘la yuk mashinasi ag‘darilib ketishi natijasida 250 millionga yaqin asalari atrofga tarqalgan. Bu haqda Whatcom okrugi sherif departamenti ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Voqea joyiga zudlik bilan huquq-tartibot organlari va asalarichilik bo‘yicha mutaxassislar jalb qilingan. Hodisa yuz bergan yo‘l qismi xavfsizlik choralari ko‘rilguniga qadar vaqtincha yopilgan.
Hasharotlarni yig‘ish va nazoratga olish jarayoni qutqaruvchilar uchun ham oson kechmadi — ayrim sherif o‘rinbosarlari va tajribali asalarichilar asalari chaqishidan aziyat chekkan. Shunga qaramay, mutaxassislar 24–48 soat ichida asalarilar uyalariga qaytishiga umid bildirishmoqda.
Yuk mashinasining qanday sabab bilan ag‘darilgani hozircha aniqlanmagan, voqea bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.


