AQSHga noqonuniy yo‘l bilan borgan 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi 21-yanvar kuni charter reys orqali vatanga qaytarildi. Ular “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyularida Meksika orqali o‘tgan murakkab yo‘llar, safar davomida duch kelgan xavf-xatarlar va manzildagi og‘ir sharoitlar haqida so‘zlab berdi.
Qaytgan fuqarolarning aytishicha, safar bir oydan ortiq vaqtni olgan, o‘rmon va sahrolardan piyoda o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Ko‘pchilik tanishlarining “oson pul topyapmiz” degan gaplariga ishonib yo‘lga chiqqanini, ammo haqiqat butunlay boshqacha bo‘lganini ta’kidlagan. Meksikadan keyin ham hujjat masalalari va ish topish deyarli imkonsiz bo‘lgan.
Ayrim migrantlar AQSHga borish uchun 20 mingdan 30 ming dollargacha mablag‘ sarflaganini, hatto 80 ming dollar to‘lab ham mamlakatga kira olmaganlar borligini aytgan. “20 ming dollar pulimni havoga sovurib, uch oy qamalib, deport olib, mana qaytib kelyapman”, deydi qaytgan fuqarolardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya markazlaridagi sharoitlar juda og‘ir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu charter reys O‘zbekiston va AQSH tegishli idoralari o‘rtasida olib borilgan ko‘p oylik hamkorlik natijasidir. Bu 11-reys bo‘lib, uning doirasida qaytarilgan o‘zbekistonliklar umumiy soni qariyb 700 nafarga yetdi. Rasmiylar noqonuniy migratsiya katta xavf va yo‘qotishlarga olib kelishini yana bir bor eslatmoqda.


