Kecha, 18-iyul kuni Afg‘onistonda “Termiz-Peshovar” temir yo‘l aloqasini o‘rnatish bo‘yicha “O‘zbekiston-Pokiston-Afg‘oniston” qo‘shma loyihasining yo‘nalishi va texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlandi.
“Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” transafg‘on temir yo‘li loyihasining taxminiy qiymati 5 mlrd dollarni tashkil etadi. Uzunligi 600 km bo‘lgan temir yo‘l Markaziy Osiyo davlatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yo‘lini ochadi.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 kun emas, 3-5 kun davom etishi mumkin. Shuningdek, bitta standart yuk konteynerini tashish narxi qariyb 3 barobarga arzonlashishi kutilmoqda.
Xususan, yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 10 mln tonnaga yetishi taxmin qilinmoqda.


