Avstriyaning Zaltsburg shtatida yuz bergan ikki alohida qor ko‘chkisi oqibatida besh nafar chang‘ichi halok bo‘ldi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, hodisalar tog‘li hududlarda sport bilan shug‘ullanayotganlar ishtirokida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ko‘chki Bad Hofgastein kommunasi yaqinida, dengiz sathidan 2200 metr balandlikda qayd etilgan. Natijada bir nafar ayol chang‘ichi qor ostida qolib ketdi. Qutqaruvchilar uni tezkor ravishda topib, chiqarib olishgan bo‘lsa-da, ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Taxminan bir yarim soatdan so‘ng Grossartal vodiysida ikkinchi, yanada yirikroq qor ko‘chkisi sodir bo‘ldi. Ushbu hodisada yetti nafar chang‘ichi xavf ostida qolgan. Ulardan to‘rt nafari voqea joyida vafot etgan, ikki kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Jarohatlanganlardan birining ahvoli og‘ir ekani ma’lum qilindi.
Yana bir chang‘ichi esa o‘z vaqtida xavfli hududni tark etib, ko‘chkidan qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar tog‘li hududlarda qor ko‘chkisi xavfi yuqoriligini ta’kidlab, aholining va sayyohlarning ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.


