O‘zbekistonda ekologik toifasi aniqlangan avtotransport vositalari uchun ekologik stikerlarni endi onlayn tarzda olish imkoniyati yaratildi.
Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yoki uning mobil ilovasiga kirib, qidiruv satriga “Ekologik stiker” deb yozish yoki “Transport” bo‘limidan “Avtotransport vositasiga ekologik stiker olish” xizmatini tanlash kifoya.
Xizmatdan foydalanishda transport vositasiga oid ma’lumotlar tizim orqali avtomatik shakllanadi. Fuqaro faqat arizani tasdiqlashi hamda ekologik stikerni pochta orqali yetkazib berish manzilini ko‘rsatishi lozim. Pochta xarajatlari uchun invoys shakllantiriladi va to‘lov elektron shaklda amalga oshiriladi.
Vakolatli organ tomonidan transport vositasi haqidagi ma’lumotlar axborot tizimlari orqali tekshirilib, ekologik toifa avtomatik aniqlanadi. Shundan so‘ng ekologik stiker rasmiylashtirilib, chop etiladi va pochta orqali ariza beruvchiga yuboriladi.
Tayyor stiker 10 kun ichida yetkazib beriladi. Stikerni rasmiylashtirish va ariza topshirish bepul bo‘lib, faqat pochta orqali uyga yetkazib berish xizmati uchun 20 600 so‘m to‘lanadi.


