30-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov kongresi bo‘lib o‘tdi. Kongres yakunlariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov delegatlar tomonidan bir ovozdan O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti etib qayta saylandi.
Ma’lum qilinishicha, Bahodir Qurbonov mazkur lavozimni 2025-yil fevral oyidan boshlab egallab kelmoqda va kelgusi davrda ham assotsiatsiya faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Kongres doirasida futbol sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, shuningdek, iqtidorli yosh futbolchilar uchun adolatli va shaffof imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Ravshan Ermatov O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti, Odil Ahmedov esa vitse-prezidenti lavozimlarini saqlab qoldi.


