Bangladesh poytaxti Dakkadagi Hazrat Shahjalal xalqaro aeroportida 18-oktyabr kuni yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Gulf News axborotiga ko‘ra, hodisa aeroportning yuk saqlanadigan hududida, taxminan soat 14:30 da yuzaga kelgan.
Favqulodda vaziyat sabab barcha reyslar vaqtincha bekor qilinib, aeroport faoliyati to‘xtatildi. Yong‘inni bartaraf etish uchun 36 ta o‘t o‘chiruvchi bo‘linma safarbar etilgan.
Aeroport direktori Masudul Hasan Masud holatni tasdiqlab, xavfsizlik choralarining kuchaytirilganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, samolyotlar xavfsiz joylarga yo‘naltirilgan, yo‘lovchilarning hayoti xavf ostida emas.
Biman Bangladesh Airlines kompaniyasi vakili Kavser Mahmudning bildirishicha, yong‘in 14:15 da boshlangan, aeroport yong‘in xizmati, Bangladesh havo kuchlari hamda boshqa maxsus guruhlar zudlik bilan voqea joyiga yetib kelgan.
Inter-Services Public Relations tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inni o‘chirish jarayonida fuqarolik aviatsiyasi, harbiy-dengiz kuchlari, havo kuchlari va chegara qo‘riqlash xodimlari ham ishtirok etgan. Vaqtinchalik barcha reyslar to‘xtatilgan, ayrim samolyotlar esa Chattogramdagi Shah Amanat va Silhetdagi Osmoni aeroportlariga yo‘naltirilgan.
Bangladesh Freight Forwarders Association direktori Nasir Uddinning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro yuklar saqlanadigan ombor hududi jiddiy zarar ko‘rgan, yon-atrofdagi kimyoviy omborxonalarda ham yong‘in tarqalgan. Hozircha inson talofati haqida ma’lumot berilmagan. Hodisaning sabablari aniqlanmoqda.


